B. Kosinboev O‘zbekiston – Qozog‘iston chegara o‘tkazish punkti bir necha oyga yopiladi

Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan B.Konisbaev chegara o‘tkazish punktida qayta qurish va kengaytirish ishlari olib borilishi munosabati bilan, 2019 yilning 1 noyabridan boshlab mazkur chegara o‘tkazish punktida piyodalarining, yengil avtotransport va 3,5 tonnagacha yuk ko‘tarish avtotransport vositalarining harakati 2020 yilning birinchi yarmiga qadar to‘xtatiladi.
Bu haqida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy ma’lumotiga asoslanib, Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lum qilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tovar hamda transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tuvchi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, tashuvchilar, yengil avtotransport vositalari haydovchilari va piyodalarga vaqtlarini tejash, sarf-xarajatlarning oldini olish maqsadida o‘zbek-qozoq chegarasida joylashgan boshqa muqobil o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari mumkinligini ma’lum qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonning B.Konisbaev chegara o‘tkazish punkti Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “Yallama” chegara o‘tkazish punktiga tutash hisoblanadi.

 

O‘zA