“ARAL MARATHON” xalqaro ekologik marafoni boshlandi

Bugun erta tongdan sport ixlosmandlari Toshkent shahridagi Milliy bog‘da jam bo‘ldi. Bu yerda O‘zbekiston Ekologik partiyasining tashabbusi bilan “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida “ARAL MARATHON” xalqaro ekologik marafoniga start berildi. 
Marafon O‘zbekiston Respublikasi hukumati ishtirokida 25 oktabr kuni Nukus shahrida bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi Orol konferensiyasi arafasida yurtimizda birinchi marta 17-22 oktabr kunlari tashkil etilmoqda.
Ekologik marafon O‘zbekistonning 6 shahrida, ya’ni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Mo‘ynoqda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mazkur marafon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilinishiga, Orol fojiasi haqiqatdan ham global miqyosdagi muammo ekanligiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida tashkil etilmoqda.
Marafon oldi tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili X.Frezer, Ekologik partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov so‘zga chiqib, suv resurslarini tejash, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish ekologik barqarorlikni ta’minlashning eng samarali yo‘li ekanini ta’kidladi.
– Suvning qiymati kun sayin ortib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islom Xushvaqtov. – Shuning uchun marafon qatnashchilari butun mamlakat bo‘ylab ramziy ma’noda idishdagi suvni qo‘ldan-qo‘lga uzatgan holda olib o‘tishadi. Haftalik marafon dasturida har bir bosqichda 5 kilometrlik masofaga yugurish, oliy o‘quv yurtlarida “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida partiya tomonidan tashkil etiladigan targ‘ibot tadbirlari va barcha viloyat hokimliklari tomonidan uyushtiriladigan konsert dasturlarini o‘z ichiga olgan. Marafonning final bosqichi 22 oktabr kuni Mo‘ynoq shahrida oldinlari dengiz mavj urib turgan joyda bo‘lishi ham xalqimiz va dunyo hamjamiyati uchun juda ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qo‘llab-quvvatlashi natijasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Madaniyat, Ichki ishlar, Mudofaa, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Milliy gvardiya, Yengil atletika federatsiyasi keng jamoatchilik e’tiborini Orol muammosiga jalb qilish maqsadida yagona platformaga birlashdi. Bundan tashqari, ushbu loyiha yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish bilan bir qatorda, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega. Boz ustiga, jamoatchilikni atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb qilish, aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlashda davlat organlari hamda jamoat birlashmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish partiyaning asosiy dasturiy vazifalaridan sanaladi.
Marafonga start berildi. Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari O.Chusovitina, R.Nuriddinov, F.G‘oyibnazarov, R.Sobirov va boshqalar ramziy ma’noda idishdagi suvni qo‘ldan-qo‘lga uzatgan holda belgilangan masofani bosib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti 2-bosqich talabasi Muhsinjon Abdulatipov ham marafonda ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Yengil atletika bo‘yicha turli musobaqalarda qatnashganman, – dedi M.Abdulatipov. – Bu galgisi o‘zgacha bo‘ldi. Gap g‘alabada emas. Eng muhimi Ekologik partiyaning “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida birlashdik. Ertaga Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan marafonda ham ishtirok etmoqchiman.
Ekologik marafonni an’anaviy tarzda har yili o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu butun dunyo hamjamiyatning mintaqadagi ekologik muammolarga e’tiborini qaratishga xizmat qiladi.

 

Xurshid QODIROV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA