Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammiti boshlandi

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti boshlandi.
Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etmoqda.
Vengriya Respublikasi Bosh vaziri Viktor Orban anjumanga faxriy mehmon sifatida tashrif buyurgan.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev sammitni ochar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevni Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlgani munosabati bilan tabrikladi. Oʻzbekiston rahbarining bu qarori turkiy tilli davlatlarning hamjihatligi va izchil taraqqiyotiga xizmat qilishini qayd etdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qoʻshildi.
Turkiy kengashning Boku sammiti iqtisodiyot, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash mavzusiga bagʻishlangan. Shu munosabat bilan sammitda turkiy davlatlarning iqtisodiy hamkorligi va hamjihat taraqqiyoti bilan bogʻliq boʻlgan koʻplab masalalar muhokama qilinishi koʻzda tutilgan.
Maʼlumki, 2018-2019-yillarda Qirgʻiziston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik qildi. Sammitda Prezident Sooronbay Jeenbekov Qirgʻiziston Respublikasining tashkilotga raisligi davrida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼruza qildi.
Boku sammitida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammiti deklaratsiyasi, Turkiy kengashga aʼzo davlatlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasining toʻla huquqli aʼzo sifatida Tashkilotga qoʻshilishi toʻgʻrisida Qoʻshma bayonoti qabul qilinishi rejalashtirilgan.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA