O‘zbekistonda yangi telekanal tashkil etish taklifi bildirildi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida foydalanuvchilardan birining “AGRO TV” telekanalini tashkil etish haqidagi murojaati e’lon qilindi.
“Bugungi kunda respublikamizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi sohasida ham amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlar xalqni juda xursand qilmoqda.
Mamlakatimiz aholisining ko‘pchilik qismi qishloq joylarida istiqomat qilganligi sababli, aholiga qishloq xo‘jalik sohasida samarali mehnat qilish va daromad topishga imkoniyat yaratilmoqda.
Xususan, hozirda issiqxona tashkil etganlik, tovuq, tuyaqush, qoramol boqqanlik, qalampir yetishtirganlik, paxta va bog‘dorchilik yo‘nalishlarida ko‘plab imtiyozli kreditlar berilmoqda, kundan-kunga yangiliklar qilinmoqda.
Biroq ko‘pchilik bular haqida bilishmaydi. Shu maqsadda, ular haqida aholiga batafsil ma’lumotlar beruvchi, qishloq xo‘jaligi sir-asrorlarini o‘rgatuvchi maxsus “AGRO TV” telekanalini tashkil etish kerak, deb yozadi murojaat egasi.
Murojaat muallifi shu sababli yuqoridagilarni inobatga olgan holda “AGRO TV” telekanalini tashkil etishni taklif qilmoqda.

 

O‘zA