Moʻynoqda Ekobogʻ barpo etildi

Moʻynoq tumani Uchsoy QVPda “Doʻstlik ekobogʻi” barpo etish boʻyicha ekologik hashar tashkil etildi. Ekologik partiya faollari tomonidan olib kelingan 500 ga yaqin manzarali va mevali koʻchatlar oʻtqazilib, ekobogʻning tevarak atroflari obod qilindi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan mazkur tumanda oʻtkazilgan ekologik aksiya doirasida amalga oshirildi.
– Aksiya Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, Ekologik partiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy tashkilotlari tomonidan Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻptomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilab berilgan vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash, dolzarb ekologik muammolarni hal qilishga keng jamoatchilikning eʼtiborini qaratish maqsadida oʻtkazildi, – deydi partiyaning Qoraqalpogʻiston Kengashi boshligʻi Aysanem Begimova. – Orolboʻyi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish mamlakatning siyosatida ustuvorlik kasb etadi. Oʻzbekiston ekologik partiyasi “Biz kelajak uchun javobgarmiz“ shiorini ilgari surar ekan, davlatimizning ekologik siyosatini amalga oshirishda jamiyatning barcha kuchlarini safarbar etishni oʻzining muhim vazifalari qatoriga qoʻyadi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, zaharli tuzlarning havoga koʻtarilishini oldini olishning eng muqobil yoʻli qurigan dengiz hududida shoʻrga chidamli daraxt koʻchatlari va saksovullar ekib, oʻrmonzorlar barpo etishdir.
Davlatimiz rahbari 2018-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomasida ekologik masalalarda alohida toʻxtalib, “ …Agar mustaqillik yillarida Oʻzbekiston boʻyicha 1 mln 200 ming gektarga yaqin oʻrmonzorlar yaratilgan boʻlsa, shundan 400 ming gektardan ortigʻi aynan Orolboʻyi hududida barpo etilgan.Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga koʻra, Orol dengizining suvsiz hududida kelgusi yilda yana 500 ming gektar oʻrmonzor barpo etiladi”, deya taʼkidlab oʻtgan edilar. Prezidentimizning ushbu soʻzlari Orol ekologik fojiasining taʼsirini koʻrib his qilib yurgan har bir yurtdoshimizning qalbida aks sado berdi, ushbu ishga oʻz hissasini qoʻshish istagini uygʻotdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston ekologik partiyasi tashabbusi bilan joriy yilning 23-yanvar kuni Orolboʻyi hududida hashar uyushtirilgan va 500 kilogrammga yaqin saksovul urugʻlari yetkazib berilgandi. Shuningdek, joriy yilning 16-17-mart kunlari amaliy tadbir doirasida aholini tozalangan ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatining Bogʻot, Shovot hamda Yangiariq tumanlaridagi maktab hududi yaqiniga suv tozalagich apparatlari Oʻzbekiston ekologik partiyasi tashkiloti tashabbusi bilan homiylik yordam sifatida oʻrnatib berildi. Mazkur qurilma orqali tozalangan suvdan aholi bemalol foydalanishlari uchun keng sharoitlar yaratildi. Amaliy aksiyalar davomida Oʻzbekiston ekologik partiyasining saylovoldi dasturi loyihasini keng jamoatchilik fikrini olish maqsadida debatlar tashkil etildi.
Moʻynoq tumanida oʻtkazilgan mazkur aksiya doirasida “Uz-Kor Gaz Chemical” MCHJ qoʻshma korxonasi homiyligida Moʻynoq tumani Uchsoy QVPda oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbir yakunida sanʼat ustalarining konsert dasturi taqdim etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston ekologik partiyasi Yosh ekologlar qanoti ishtirokida Orolboʻyi hududlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan koʻrgazmali chiqishlar tashkil etildi.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA