Seul, 24 noyabr. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Seul shahrida BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi.

Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqotda davlatimiz rahbari Pan Gi Mun BMTga Bosh kotiblik davrida O‘zbekiston bilan BMT hamkorligida samarali loyihalar amalga oshirilganini yodga oldi.

Pan Gi Mun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yuqori baholab, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishini qayd etdi.

Joriy yil 10-noyabr kuni Samarqandda o‘tgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro anjumanda ko‘tarilgan masalalar dolzarbligi, O‘zbekistonning tashabbuslari Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

Pan Gi Mun Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik izhor qildi.