YEXHT huzuridagi doimiy vakolatxonalar rahbarlari Oʻzbekistonda

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) ishtirokchi mamlakatlarining Vena shahridagi doimiy vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizga keldi.
Mazkur tashrif Oʻzbekistonning Avstriyadagi elchixonasi tomonidan tashkillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 10-oktyabr kuni delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻldi.
Muloqotda mamlakatimizning YEXHT bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligi taʼkidlandi. Oʻzbekistonning Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosatidagi keng koʻlamli oʻzgarishlar elchilar tomonidan yuqori baholandi.
YEXHT huzuridagi doimiy vakillar mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanishiga, davlatlararo ishonch sezilarli darajada oshishiga, anʼanaviy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik mustahkamlanishiga olib kelgan mamlakatimizning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi.
Delegatsiya aʼzolari shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashdi. Unda mehmonlarga parlament yuqori palatasining faoliyati boʻyicha maʼlumot berildi.
Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonning YEXHT bilan hamkorligi faollashgani, parlament aʼzolarining YEXHT Parlament assambleyasi faoliyatida, uning har yilgi sessiyalarida faol ishtiroki boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlarning ochiqligi, xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borilayotgani, gender tenglikni taʼminlash, oilani mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiqqa yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhimligi taʼkidlandi.
Joriy yil 22-dekabr kuni mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan saylovni kuzatishda YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining toʻliq missiyasi ishtirok etishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan YEXHT vakolatxonalari rahbarlari Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov bilan ham uchrashdi.
Muloqotda delegatsiyaga mamlakatimizda parlament sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoni haqida maʼlumot berildi.
Ushbu muhim jarayon – “Yangi Oʻzbekiston: yangi saylovlar” shiori ostida oʻtkaziladi. Eng ilgʻor xalqaro standartlar asosida, qisqa fursatda mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Mazkur kodeks Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati aʼzolari, viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi hamda fuqarolarning xohish-irodasi erkin bildirilishini taʼminlovchi kafolatlarni belgilaydi.
Yangiliklardan yana biri, bu yil saylovchilarning yagona elektron roʻyxati shakllantirilgan. Saylovda 20 million 600 ming nafar fuqaro ovoz berishi kutilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ovozlarni qayta sanab chiqish, saylovchilar murojaatlarini koʻrib chiqish va saylov natijalarini eʼlon qilish boʻyicha nizom loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
– Mamlakatingizda koʻplab sohalar qatori demokratik saylovlar yoʻnalishida olib borilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlaymiz, – dedi YEXHTning Slovakiya boʻyicha vakili Katerina Jakova. – Biz Markaziy saylov komissiyasi bilan saylovlar sohasida hamkorlik qilishga, bu borada oʻz tavsiyalarimizni berishga tayyormiz.
Diplomatlar tashrif davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining mamlakatimizda OAV erkinligini taʼminlashning dolzarb masalalari va sohada olib borilayotgan islohotlarga bagʻishlangan davra suhbatida ishtirok etish uchun Samarqand shahrida ham boʻladi.
5.JPG
17.JPG
19.JPG
11.JPG

 

Abdulaziz MUSAYEV, Malohat HUSANOVA, Temur MAMADAMINOV, OʻzA