Mamlakat fermerlarining deputatlarga murojaati koʻrib chiqildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
2019-yil 9-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi parlament eshituvi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining Gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoʻllangan Murojaatnomasi muhokama qilindi hamda ayni masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining axboroti eshitildi.
Avval xabar berilganidek, joriy yil 2-oktyabr kuni parlament quyi palatasiga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash yuzasidan Murojaatnoma kelib tushgan edi. Shu kuniyoq Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻz yigʻilishlarini oʻtkazdilar. Ularda fraksiya rahbarlari va aʼzolari bilan birga, palata qoʻmitalari raislari, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari ham ishtirok etdilar.
Yigʻilishda Murojaatnomani oʻrganish barobarida davlat xaridlarida fermerlar tomonidan yetishtirilgan gʻallaga narx belgilashning mavjud mexanizmi fermerlar va don korxonalariga qanchalik iqtisodiy manfaat keltirayotgani, ushbu sohadagi bozor iqtisodiyoti talablarining sifat darajasi, bunda mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi hamda isteʼmolchi oʻrtasidagi huquqiy munosabatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shundan kelib chiqib, Murojaatnomada bildirilgan muammo va takliflarni har tomonlama oʻrganib chiqish hamda uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Ishchi guruhlar tomonidan Murojaatnomada keltirilgan taklifni hududlarga chiqqan holda, don korxonalari, fermer xoʻjaliklari, don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hamda isteʼmolchilar bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazib, har taraflama oʻrganishga kelishib olindi.
Shundan soʻng uch kun davomida deputatlar tomonidan gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati hududlarga chiqib oʻrganildi.
Oʻrganishlar jarayonida deputatlar tomonidan minglab fermer xoʻjaliklari vakillari bilan bevosita uchrashuv va muloqotlar oʻtkazildi. Majlisda ana shu oʻrganish yakunlari atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi qishloq xoʻjaligida ham olib borilayotgan islohotlar natijasida qator ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Don mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek, gʻallani xarid qilish, un va non mahsulotlarini realizatsiya qilish sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish va bunda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, 2018-yilning 15-sentyabridan boshlab respublikada oliy navli un va qolipli non bozordagi talab va taklif asosida shakllangan erkin bozor narxlarida sotilishi uchun huquqiy asoslar belgilab berilganligi un va qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar moliyaviy ahvolining nisbatan yaxshilanishiga olib kelgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda 1 tonna bugʻdoyning kafolatlangan xarid narxi 1 million 200 ming soʻm miqdorida belgilanishi hamda olingan hosildorlikka qarab 25 foizgacha ustama belgilanishi natijasida joriy yilda 1 tonna bugʻdoyning oʻrtacha xarid narxi 1 million 420 ming soʻmni tashkil etgan.
Shu tariqa fermer xoʻjaliklarining moddiy manfaatdorligi hamda faoliyatining samaradorligi oshishiga imkon yaratilgan.
Joriy yilda boshoqli don hosildorligi oʻrtacha 65 sentnerni tashkil qilib, yalpi hosil 7 million tonnani tashkil etgan hamda davlatga 3 million 555 ming tonna yoki rejadagiga nisbatan 532 ming tonna ortiqcha don topshirilgan.
Bundan tashqari, donni qayta ishlash korxonalari va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda narx-navoning oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30-sentyabrdagi “Donni qayta ishlash korxonalari va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan mahalliy dondan ishlab chiqarilgan un mahsulotiga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha mavjud imtiyoz 2020-yilning 1-iyuligacha uzaytirilgan. Bundan tashqari, mahalliy undan tayyorlangan qolipli nonni ishlab chiqarish va sotish 2020-yilning 1-iyuligacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi belgilangan.
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan fermerlar Murojaatnomasida koʻtarilgan masalalar va takliflar joylarga chiqqan holda oʻrganilganda bu borada qator oʻz yechimini kutayotgan muammolar borligi maʼlum boʻldi. Xususan, gʻalla yetishtirish va uni qayta ishlash sohasining asosan davlat tomonidan boshqarilishi, xarid narxlarning belgilanishi don korxonalari va fermer xoʻjaliklari oʻrtasida qabul qilingan gʻalla uchun hisob-kitobni yakuniga yetkazishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada mablagʻlarning oʻz vaqtida toʻlab berilmayotgani fermer xoʻjaliklarining iqtisodiy holatiga salbiy taʼsir etmoqda.
Shuningdek, don korxonalarining ham un ishlab chiqarishda maʼlum miqdorda zarar koʻrib, fermer xoʻjaliklari oldidagi kreditorlik qarzdorligi oshmoqda. Don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagani, mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va isteʼmol qiluvchi oʻrtasida samarali tizim yaratilmaganini yaqqol koʻrsatib turibdi. Bu esa, turli xil suiisteʼmolchiliklarni ham keltirib chiqarmoqda.
Davlat xaridlari boʻyicha fermerlarning gʻallasiga past narx belgilab, uning arzon bahoda sotilish mexanizmi fermerlar va don korxonalariga iqtisodiy manfaatdorlik keltirmayapti. Ularni gʻalla hosildorligini oshirishga ragʻbatlantirmayapti.
Eng muhimi, gʻalla yetishtiruvchi fermerlarning oʻz mehnati mahsuli boʻlgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimi bozor mexanizmlari asosida shakllanmagani ularning ertangi kunga toʻliq ishonch bilan qarashiga imkon bermayapti.
Joylardagi oʻrganishlar yana shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim hollarda aholi tomonidan non mahsulotlari isrof etilmoqda.
Parlament eshituvida deputatlar tomonidan koʻtarilgan savollarga Qishloq xoʻjalik vazirligi mutasaddisi atroflicha javob qaytardi. Ochiq muloqot, bahs-munozara ruhida oʻtgan eshituvda qator vazirlik va idoralar masʼullari, xususan, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, respublikamizning qator viloyatlaridan kelgan fermer xoʻjaliklari rahbarlarining bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi.
Ana shu muhokamalardan kelib chiqib, majlis ishtirokchilari bunday sharoitda gʻalla yetishtiruvchi fermerlarning mashaqqatli mehnati mahsuli boʻlgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimining bozor mexanizmlari asosida shakllantirilishi muhim ahamiyat kasb etadi, degan yakdil qarorga keldilar.
Deputatlar hukumat don sotib olish, un va qolipli non mahsulotlarini sotish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta koʻrib chiqqan holda, fermer xoʻjaliklari, don korxonalari va isteʼmolchilar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bozor mexanizmlariga oʻtkazish boʻyicha tegishli choralar koʻrishi lozimligini taʼkidladilar. Shuningdek, fermer xoʻjaliklarida gʻalla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilgʻi-moylash mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda boshqa resurslarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi. Bunda rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada gʻallaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida gʻallani erkin narxlarda sotish tizimini yaratish chora-tadbirlarini koʻrish tavsiya qilindi.
Oʻz navbatida, parlament aʼzolari Moliya vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda don, un va non mahsulotlari narxlari toʻliq erkinlashtirilishi natijasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirish, davlat tomonidan gʻalla yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qishloq xoʻjaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirib borishi darkorligini aytib oʻtdilar.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur eshituv yakuni boʻyicha qabul qilingan palata qarorida hukumat, mutasaddi vazirlik va idoralarga qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan yetishtiriladigan don va uni qayta ishlashdan olinadigan un, qolipli non mahsulotlarini sotish, sotib olish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta koʻrib chiqib, ushbu tizimga toʻliq bozor mexanizmlarini joriy etish, narxlarning erkinlashtirilishi boʻyicha tegishli amaliy choralar koʻrish yuzasidan qator tavsiyalar aks etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

OʻzA