Mahalliylashtirish dasturi – amalda

Nukusda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import mahsulotlarini optimallashtirish va kooperatsiya aloqalarini jadallashtirish, joriy yilga belgilangan eksport prognozi ko‘rsatkichlarining bajarilishiga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari E.G‘aniev va boshqalar ta’kidlaganidek, mamlakatimizda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, aholining iste’mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuning uchun ham o‘zimizda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ko‘paytirish orqali importni qisqartirish masalasi iqtisodiyotimizda muhim o‘rin egallamoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 avgustdagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida“gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qaror asosida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, kooperatsiya aloqalarini jadallashtirish, import hajmini kamaytirish borasidagi ishlar boshlab yuborildi. Shuningdek, ushbu masalalar bo‘yicha yordamchi lavozimining joriy etilganligi, mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi ishchi guruhning tashkil etilganligi, importni kamaytirish bo‘yicha idoralararo monitoring yuritish mexanizmlarining ishlab chiqilganligi tadbirkorlarimiz uchun keng imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Mahalliylashtirish dasturiga kiritish maqsadida umumiy qiymati 541,5 milliard so‘mlik 21 ta loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar to‘la quvvatda ishlagan taqdirda yiliga 488 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning yanvar-avgust oylarida tashqi savdo aylanmasi 487,8 million AQSh dollarini tashkil etib, 101,8 million dollarlik ijobiy saldoga erishildi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni asosida Nukus shahrida 165 gektar yer maydoni ajratilib, “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Mazkur hududda hozirning o‘zida xorijiy investorlarning 22 million AQSh dollarilik loyihalarini joylashtirish chora-tadbiri ishlab chiqilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmini ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.
Mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha ishchi guruh a’zolari Orolbo‘yi shahar va tumanlarida bo‘lib, bu boradagi ishlar bilan tanishdi va joylarda amaliy yordamlar ko‘rsatdi. Ular tomonidan bildirilgan tavsiyalardan tegishli xulosa chiqargan holda, hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import mahsulotlarini optimallashtirish va kooperatsiya aloqalarini jadallashtirish, joriy yilga belgilangan eksport prognozi ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov so‘zga chiqdi.

 

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA