Qoraqalpoq xalq bo‘lgali...

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yilning 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safari xalqimizga o‘zgacha bir quvonch olib keldi. “Men Sizlar bilan uchrashganda, Sizning qizg‘in qarsaklaringizni ko‘rish uchun emas, Sizlarning ko‘zlaringizdagi quvonchni ko‘rishga keldim. Sababi tarixdan yaxshi ma’lum, qoraqalpoq xalqi tarixda hamma vaqt qayg‘u-alam, og‘ir dard bilan kun kechirgan” dedi Yurtboshimiz.
Bu haqiqat edi. Ushbu so‘zlar qoraqalpoqlarga mehribonlikning, g‘amxo‘rlikning oliy belgisi edi. Men doim shu fikrlarni hayolimdan o‘tkazar ekanman, xalqimizning o‘tmishdagi qayg‘uli damlari birma-bir ko‘z oldimga keladi.
Haqiqatan ham xalqimiz tarixda og‘ir zamonlarni, tumanli kunlarni ko‘p ko‘rdi. Bu haqda qoraqalpoq xalqining tarixini yaxshi bilgan bobomiz Berdaq:
Ota-bobom molni yig‘ib,
Chivin jonni doimo qiynab,
Xurram bo‘lib, kulib-o‘ynab,
Ochlikdan yolchigan emas.
Qoraqalpoq xalq bo‘lgali,
Xalq nomini olgali,
Haq Taolo yo‘l solgali,
Bir tenglikni olgan emas.
deb xalqimizning asrlik taqdirini, og‘ir ahvolini tasvirlagan edi. Tarixda kuchlilarning zo‘ravonligidan xalqimiz necha marta ko‘chdi, necha marta bo‘lindi va qayg‘u-g‘aflatda yashadi. Bu haqda ham Berdaq bobomiz “Qoraqalpoqlar bir yurtda yuz yil makon qilmadi, ko‘chib yurib, ko‘pchiligi yo‘lda o‘ldi” deb kuylaydi.
Xalqimiz el bo‘lib necha janglarda ot surib, Oltin O‘rda tarkibida Mamay botirning boshchiligida No‘g‘oy xonligini tuzib, Yedil va Yoyiq daryolari bo‘ylarida “Yedil elning eshigi, Yoyiq yerning beshigi” deb gullab-yashnab yashayotganlarida ruslarning zo‘ravonligiga uchragan. “O‘ldi Mamay xo‘r bo‘ldik”, “O‘rmonbet biy o‘lgan so‘ng, o‘n son no‘g‘oy bo‘lingandan so‘ng” ota yurti Turkistonga haydaldi.
“Unda ham poyon topmadi”. Qozoqlarning xoni Abulxayrning zo‘ravonligiga chiday olmay, qoraqalpoq yigitlari Maman biyning boshchiligida Rossiyadan yordam so‘rab, imperator Yelizaveta Petrovnaga boradi. Qoraqalpoqlarning imperatordan bitim yorlig‘ini olganligini eshitib, Abulxayr xon yovuzlik bilan qoraqalpoqlarni to‘z-to‘z qilib Turkistonni tashlab ketishga majbur qiladi.
Shuning oqibatida yurt uchga bo‘linib, yaqinlaridan, do‘st-yoronlaridan, quda-andalaridan ayriladi, xalqning biologik va genetik birligi buziladi. Qoraqalpoqlarning Xiva xonligi tarkibidagi ahvoli ham yaxshi bo‘lmadi. Xalqni og‘ir soliqlar charchatdi. Berdaq bobomiz aytganidek:
Bulturg‘idan bu yil yomon,
Qalay-qalay bo‘ldi zamon,
G‘arib-bechora qolmay omon,
O‘n tilladan keldi soliq.
Xiva xonining ushbu adolatsizligiga qarshi turib, xalqni himoya qilishga uringan Yernazar Alako‘z, Aydos biy, Begis va Mirjiq kabi botirlar xon tomonidan qatl qilindi. Xalq qarovsiz, himoyasiz qoldi. Bir tomondan inglizlarning qurol-yarog‘i bilan qurollangan turkman bosqinchilarining uzluksiz bosqiniga uchrab turdi, farzandlari asrga tushib, chet ellarga sotildi.
“Barcha fuqaroni teng qilamiz, har kimning aql-saviyasiga qarab ish berib, har kimning ehtiyojiga qarab ta’minlaymiz, to‘kin-sochin jannatmakon kommunizm qurib, xalqni boy qilamiz” deb, yetmish yil dovrug‘ solgan sotsialistik tuzum ham xalqimizning ko‘z yoshiga qaramadi. Xalqni o‘zligidan ayirdi, ishonchini suiiste’mol qildi, qatag‘onlik o‘rnatib, ko‘zga ko‘rinib kelayotgan jigarbandlarini aybsiz jazolab, qirib soldi, xalqni dahshatli tarzda xo‘rladi.
Sovet hukumati o‘zbek xalqining milliy boyligi bo‘lgan paxtani, xalq boshiga tushgan baloga aylantirdi. Uni oq oltin deb maqtab, “oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi” deb maqtab, oxirida paxtani xalqning peshonasining sho‘ri darajasiga olib bordi.
Paxtadan oq oltin, sholidan sariq oltin olib, xalqni boyitamiz deb, Orol dengizidan ayirdi. Uning zaharli, tuzli changlaridan turli xil kasalliklarga giriftor qilib, genofondini zararladi. Bu qayg‘uning oqibatini to‘liq tushungan aqlli odamzod “tixiy Chernobil” deb atab, uning sababchisi tuzumning buyruqbozlik siyosati ekanligini aytib dunyoga jar solgan davrda Moskvadagi siyosatchilar Qoraqalpog‘istonni SSSRning boshqa hududlariga ko‘chirishni o‘yladi. Ular Orolni qutqarishdan ko‘ra, elni ko‘chirish arzonroqqa tushadi, deb isbotlashga urindi. Rossiyaning Ussuriya hududlariga ko‘chirgan qulay bo‘ladi, deb o‘yladi va xalqni juda xafa qildi. Bu xalqning xafagarchiligini ko‘rgan buyuk shoirimiz I.Yusupov o‘zining “Tuzli shamollar” degan 1988 yili xalqqa tarqalgan kitobida:
Xavotir bor, qoraqalpoqlar,
Ko‘p uzamay ko‘char degan.
Qaydag‘i bir yaxshi yoqqa,
Borib makon qilar degan.
Hisoblagan cho‘tga solib,
Bunga qalay chek qo‘yarsan,
Cho‘tini qo‘lidan yulib olib,
“Hap, sanimi”… deb qo‘yasan” deb g‘azablanib:
Bordir mo‘ljal qobiliyatim,
Bilgan narsam shu bo‘ladi,
Sal azroq sabr qiling,
Bu yer hali zo‘r bo‘ladi” – deb xalqni yupatdi.
Mana endi Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev qoraqalpoqlarning bu ko‘z yoshlarini, azobli o‘tgan zamonini va hozir o‘zbek xalqi bilan abadiy do‘stligini teran baholab, O‘zbekiston xalqini keng ko‘lamda yuqori tezlikda rivojlantirish bilan bir qatorda Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy tarafdan yuqori cho‘qqilar sari yetaklamoqda. U prezidentlik lavozimiga kirishdan boshlab Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibor qaratdi.
Qoraqalpog‘istonning dahshatli ahvolga tushganligining eng birinchi sababi Orol muammosi ekanligini ta’kidlab, uning masalasini hal qilishdagi xalqaro rejalarga, ilmiy strategiyalarga, Orolni qutqarish tashkilotlarining ishiga ko‘ngli to‘lmay uni hal qilishning yangi strategiyasini taklif qildi.
Shavkat Mirziyoev Orol muammosini bartaraf qilish uchun muammoning faqat oqibati bilan, ya’ni ta’siri bilangina kurashmay, uning sababi bilan kurashishning yo‘lini ko‘rsatdi. Orolning qurib qolgan maydonini o‘simliklar bilan qoplab, tuzli, zaharli to‘zonni to‘xtatib, uning o‘rniga yashil iqtisodiyotni tashkil etishni ilmiy asoslab berdi.
Bu o‘tkir fikr dunyo hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va insoniyat tarixida inson donishmandligining eng ulkan yutug‘i sifatida baholandi.
U 2017 yil 20 sentabrdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambliyasidagi nutqida Orol muammosiga qarshi kurash umuminsoniy ish ekanligini isbotladi. Orol muammosiga qarshi kurashda butun dunyo davlatlarining birligini tashkillashtirgan Trast fondining paydo bo‘lishiga erishdi. Bu yuqori martabali majlisda O‘rta Osiyo mintaqalaridagi suv muammosini teng hisobga olishning aqlga muvofiq ekanligini ko‘rsatib, Qoraqalpog‘istonni suvsizlikdan qutqardi. Prezidentimizning shunday ajoyib donoligi bilan xalqning yo‘qolib borayotgan umidlari tiklandi, kelajakka ishonchi kuchaydi.
Shunday qilib, hurmatli Prezidentimiz tarixda qo‘p jabr ko‘rgan xalqimiz tarixining yangi sahifasini ochdi. Hozir shu tarixning yangi sahifasiga oy sayin, yil sayin Qoraqalpog‘istondagi amalga oshirilayotgan buyuk bunyodkorlik ishlari yozilmoqda.
Haqiqatan ham hammaning esidan chiqib ketgan chekkadagi Mo‘ynoqda hozir buyuk ishlar olib borilmoqda. Yaqinda 350 nafar xotin-qiz ishlaydigan tekstil fabrikasi ish boshladi, bir vaqtlari dong‘i dunyoga chiqqan Mo‘ynoq konserva zavodi qayta tiklanib, xalqni cheksiz quvontirmoqda.
Avvalgi 40 yil davomida Orolning qurigan maydoniga 400 ming gektar yerga saksovul ekilgan bo‘lsa, faqat so‘ngi bir yil ichida 500 ming gektar yerga saksovul ekildi. Buni haqiqiy qahramonlik deyish mumkin, bu voqealar qoraqalpoq tarixiga oltin siyoh bilan yozilib qoldi.
Oldin sanoat mahsulotlari bo‘yicha hech qachon esga olinmagan o‘lkada, Prezidentimiz metallurgiya kombinatini, neft-kimyo zavod komplekslarini, qurilish materiallari, energiya resurslari va boshqa korxonalarini qurishi va kelasi uch yil ichida elimizni iqtisodiy rivojlantirish uchun 14 trillion 690 milliard so‘mlik 697 loyihani amalga oshirishni belgilab bergani misli ko‘rilmagan voqealar sanaladi.
Prezidentimizning xalqimizning quvonchiga quvonch qo‘shgan yana bir g‘amxo‘rligi – bir necha yillardan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasini namunali boshqarib kelayotgan, xalqni ko‘p qiyinchiliklardan mardona olib chiqqan xalq farzandi Musa Yerniyazovga “O‘zbekiston Qahramoni“ unvonini taqdim etishi bo‘ldi. M.Yerniyazovga nisbatan: “So‘zi bilan ishi bir, mard azamat” deb nihoyatda to‘g‘ri ta’rif berdi. Shunday qilib, buyuk bobomiz Ajiniyozning “El ham er bilandur, er ham el bilan, Ersiz elning qadri darbadar bilan“ degan armonini bajo keltirdi.
Jumanazar BAZARBAEV,
Akademik, O‘zbekistonda xizmat 
ko‘rsatgan fan arbobi

 

O‘zA