IHT xalqaro seminari mavzusi: Yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish

7-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi yillik 6-seminari boʻlib oʻtadi.
Ushbu nufuzli xalqaro anjuman Oʻzbekiston Respublikasi hukumati, IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.
Seminarda IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzolari, xalqaro ekspertlar, IHTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi jami ellikka yaqin davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan edi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari koʻzda tutiladi.
Islom hamkorlik tashkiloti 1969-yil 25-sentyabrda Marokash poytaxti Robotda oʻtkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yigʻilishida tashkil etilgan. Dastlab Islom konferensiyasi tashkiloti deb yuritilgan ushbu yirik xalqaro islom tashkiloti 2011-yildan buyon Islom hamkorlik tashkiloti deb ataladi. Qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Bugungi kunda tashkilotga ikki milliardga yaqin aholisi boʻlgan 57 davlat aʼzo. Oʻzbekiston 1996-yildan IHT aʼzosi hisoblanadi.
2016-yil 18-19-oktyabr kunlari Toshkent shahrida IHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 43-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Taʼlim va maʼrifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yoʻl” mavzusidagi ushbu sessiyaning ochilish marosimida, shuningdek, 2017-yil 10-sentyabrda Ostona shahrida (hozirgi Nur-Sulton) boʻlib oʻtgan IHTning Fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida nutq soʻzladi.
IHTning asosiy maqsad va vazifalari aʼzo davlatlar oʻrtasida doʻstlik va birdamlik rishtalarini uygʻunlashtirish, islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish, davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish, inson huquqlarini himoya qilish, aʼzo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga koʻmaklashish, islom dini haqidagi turli nohaq va nojoʻya maʼlumotlarga barham berish, turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni yoʻlga qoʻyishdan iborat.
IHTning Mustaqil doimiy inson huquqlari komissiyasi IHTga aʼzo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2011-yil 28-30-iyun kunlari Astana shahrida boʻlib oʻtgan 38-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan. 2019-yilda Oʻzbekiston IHTning ushbu Komissiyasiga raislik qilmoqda.
Komissiya IHTning nizom va deklaratsiyalarida, shuningdek, inson huquqlari borasida umumeʼtirof etilgan hujjatlarda qayd etilgan fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarni islom qadriyatlari bilan muvofiq holda mustahkamlab borish bilan shugʻullanadi.
Yillik 6-seminarda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi. Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi loyihasini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining yillik seminari ishtirokchilari yoshlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha mavjud xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qiladilar.
Anjumanda, shuningdek, yoshlarni oʻz mamlakati barqaror taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga ragʻbatlantirish uchun davlat taraqqiyot strategiyasida navqiron avlod huquqlarini taʼminlashning hisobga olinishi borasidagi ilgʻor tajribalar asosida amaliy takliflar ishlab chiqiladi. IHTga aʼzo mamlakatlar yoshlari oʻz huquqlaridan toʻla foydalanishida duch kelayotgan asosiy muammolarga eʼtibor qaratiladi. Seminar ishtirokchilari oʻzlari mansub mamlakatlar yoshlariga doir davlat siyosati va joriy dasturlar tahlili boʻyicha xulosalarini taqdim etadi.
Anjuman yakunida qabul qilinishi kutilayotgan hujjatda yoshlar huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarish orqali ularning oʻz mamlakatlari taraqqiyoti jarayonida bevosita ishtirokini kengaytirishga qaratilgan yoshlar siyosatini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalar bayon etiladi. Yillik 6-seminarning mazkur yakuniy hujjati IHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etilishi moʻljallangan.

 

OʻzA