“Turkiy elim, sen azaldan buyuk eldirsan!”

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagʻdat Amreyevni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Turkiy kengash oʻrtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uchrashuvda Turkiy kengashning birinchi navbatda savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, turizm, madaniy-gumanitar almashinuvlar kabi dolzarb yoʻnalishlarda amaliy sheriklikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi samarali mintaqaviy tuzilma sifatidagi salohiyatiga yuksak baho berildi.

Turkiy kengash bosh kotibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz Kengashga toʻla huquqli aʼzo sifatida kirishi bilan tabrikladi.

Bu, albatta, mamlakatimiz tarixidagi yangi sahifa, taʼbir joiz boʻlsa, tarix zarvaraqlaridan joy olgan mustahkam anʼanalarning mantiqiy davomidir.

“TARIXINGDUR MING ASRLAR…”

Dunyo tarixida, insoniyat taraqqiyotida turli davrlarda yuzaga kelgan sivilizatsiyalar, saltanatlarning oʻrni va ahamiyati katta boʻlgan. Ular orasida turkiy xalqlar tomonidan asos solingan qadimiy davlatlar, ularning zaminida rivoj topgan madaniyat va tamaddunlar alohida oʻrin tutadi.

Olib borilayotgan tadqiqotlar oʻtmishda turkiy xalqlar dunyo tarixida mislsiz oʻzgarishlarga sabab boʻlganini koʻrsatmoqda.

Turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi sanalgan Oʻrxun-Enasoy obidalari, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” asari va boshqa koʻplab obidalar ajdodlarimizning naqadar yuksak aql-zakovat, salohiyat va idrok sohibi boʻlishganidan darak beradi. Xalqlarimiz dahosi timsoli boʻlgan Goʻroʻgʻli, Alpomish. Dada Qoʻrqut. Manas, Edigey singari qahramonlik eposlari asrlar osha insoniyatni mardlikka, vatanparvarlikka, olijanoblikka undab kelmoqda.

Tarixga nazar tashlasak, turk hoqonligi, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, saljuqiylar, xorazmshohlar, temuriylar, usmoniylar, boburiylar, safaviylar singari buyuk sulolalar oʻz hukmronligi davrida davlatni haq va adolat bilan boshqarishga, ilm-fan, meʼmorchilik, madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga harakat qilishdi. Kultegin, Hasan Bugʻroxon, Sulton Sanjar, Alp Arslon, Ertoʻgʻrul, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Shoh Ismoil Safaviy, Sulton Sulaymon Qonuniy, Abilayxon singari hukmdorlar va sarkardalar turkiy xalqlarning birdamligi, turkiy ellarning kuch-qudrati va ozodlik uchun ulkan qahramonliklar koʻrsatib kelishgan.

Bu turkiy davlatlardan to shu kunga qadar juda koʻp tarixiy va madaniy yodgorliklar yetib keldi. Turkiy kengliklardan yetishib chiqqan al-Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Imodiddin Nasimiy, Muhammad Fuzuliy, Nasiriddin Tusiy singari olim va mutafakkirlar nafaqat turk dunyosi, balki jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshib ketdilar.

TURKIYLAR QOʻLNI QOʻLGA BERGANDA…

Bugun sayyoramizda yashayotgan turkiy tilli xalqlarning umumiy soni 250 million kishidan oshadi. Ularning asosiy qismi oltita mustaqil turkiy tilli respublika – Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Oʻzbekiston. Qirgʻiziston va Qozogʻistonda istiqomat qiladi. Ushbu davlatlarning umumiy maydoni salkam 5 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bugungi kunda mazkur davlatlar oʻrtasida har tomonlama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib kelmoqda.

Maʼlumki, oʻtgan asrning boshlarida usmoniylar saltanati oʻrnida Turkiya Respublikasi qad rostladi. Kavkaz va Oʻrta Osiyodagi turkiyzabon davlatlar oʻrnida sovet hukumatiga tobe respublikalar tashkil topdi. Ularning oʻzaro munosabatlari kommunistik mafkura nuqtayi nazaridan belgilanar, nisbatan uzoqroq makonda joylashgan Turkiya bilan aloqalar ham rasmiy Moskva va Anqara muzokaralari doirasidan chetga chiqmasdi.

Turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi aloqalar sovet hukumati tarqalganidan keyin, uning tarkibidagi qardosh respublikalar (Turkmaniston, Oʻzbekiston. Qirgʻiziston, Qozogʻiston) hamda Turkiya oʻrtasidagi qisqa muddat ichida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. 1992-yildan boshlab, turkiy tilli davlat rahbarlari sammiti oʻtkazila boshlandi. Mazkur davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan 1993-yilda Turkiy tilli xalqlar madaniyati tashkiloti (Turksoy) taʼsis etildi.Ayni paytda turkiy tilli davlatlar hamkorligida TurkPA (Turkiy tilli davlatlar parlamentar assambleyasi) Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi, ilmiy tadqiqotlar uchun moʻljallangan Turkiy akademiya singari qator tuzilmalar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

BUNDAN ROPPA-ROSA OʻN YIL ILGARI…

2009-yil 3-oktyabr kuni Ozarboyjon Respublikasining Naxichevan shahrida mazkur sammit negizida turkiy tilli respublikalar hamkorligi kengashini (Turkiy kengash) tuzish toʻgʻrisida Ozarboyjon, Turkiya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston oʻrtasida bitim imzolangan edi. Bitimga asosan Turkiy kengash xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi, uning maqsad va vazifalari esa turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaqin qoʻshnichilikni mustahkamlash, mintaqada, umuman dunyoda tinchlikni qoʻllab-quvvatlash hamda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.

2012-yil 25-avgust kuni Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiy tilli davlat rahbarlari Turkiy Kengashning bayrogʻini tasdiqladilar. Unda oʻsha paytda ushbu tashkilotga aʼzo boʻlgan toʻrt davlat (Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston) bayroqlaridan maʼlum timsollar saralab olingandi. Jumladan Qozogʻiston bayrogʻidan moviy rang, Qirgʻiziston bayrogʻidan quyosh ramzi, Turkiyaning bayrogʻidan hilol va Ozarbayjon bayrogʻidan sakkiz qirrali yulduz olingan.

Ayni paytda Turkmaniston va Vengriya Turkiy kengashning kuzatuvchi davlatlari maqomiga ega. Kengashning kotibiyati Istanbul shahrida joylashgan. Tashkilotga 2018-yil 3-sentyabrdan qozogʻistonlik siyosat arbobi Bagʻdat Amreyev rahbarlik qilib kelmoqda.

OʻZANINI TOPGAN DARYOLAR

Maʼlumki, turkiy tilli davlat rahbarlari sammitiga 1996-yil 21-oktyabr kuni Oʻzbekiston oxirgi marta mezbonlik qilgan, keyinchalik Oʻzbekiston va Turkmanistonning ushbu tashkilot doirasidagi faoliyati sezilmay qolgandi.

Keyingi uch yil ichida Oʻzbekistonning ichki va va tashqi siyosatida juda katta oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Buni jahon hamjamiyati vakillari, xalqaro ekspertlar, turli davlatlarning siyosiy arboblari ham eʼtirof etib kelishmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar qatori qardosh turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarish borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.

14-sentyabrida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisida maʼqullangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi.

Bu hodisa Oʻzbekistonda va boshqa qardosh mamlakatlar tomonidan katta quvonch bilan qarshi olindi. Mutaxassislarning aytishicha, Turkiy kengash unga aʼzo davlatlarning muloqoti va hamkorligini ilgari surish maqsadida tuzilgan yirik mintaqaviy birlashma hisoblanadi. Ushbu tashkilotning shakllanishiga qadar Oʻzbekiston turkiy tillar davlatlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish va yanada rivojlantirishda faol ishtirokchi va tashabbuskorlardan biri boʻlgan.

Shuningdek, Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida ishtiroki ushbu tashkilotning aʼzo-davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquq-tartibot, tabiatni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnikaviy, taʼlim, energetika, transport, kredit-moliya va oʻzaro manfaatli boshqa sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga koʻmak koʻrsatadi.

Bundan tashqari, mazkur tuzilmaga aʼzo boʻlish savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish, tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida bojxona va tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish hamda bank va moliyaviy operatsiyalarni yengillashtirish imkonini beradi.

DIPLOMATLAR NUQTAI NAZARIDAN

Oʻzbekistonning Turkiy Kengashga qoʻshilishi yurtimizdagi diplomatik korpus vakillari, jumladan, turkiy ti

lli davlatlarning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchilari tomonidan alohida eʼtibor va quvonch bilan qarshilandi.

– Oʻzbekistonning Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilishi Kengash salohiyatini sezilarli darajada oshiradi va butun dunyoda uning ahamiyati hamda salmogʻini mustahkamlaydi, – deydi Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Quliyev. – Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Mintaqadagi biror masala uning ishtirokisiz hal etilmaydi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo yuragida joylashgan Oʻzbekiston barcha qoʻshni mamlakatlar bilan yaqin aloqalarni oʻrnatib, ularni qoʻllab-quvvatlab kelyapti. Zero, Oʻzbekiston tarixiy va geografik nuqtayi nazardan mintaqa hayoti faoliyatining barcha sohasini bir-biriga bogʻlaydigan halqadir.

– Oʻzbekistonning Kengashga kirishi barqarorlik, yaxshi qoʻshnichilik va qardosh turkiy xalqlarning birgalikda iqtisodiy rivojlanishi uchun platforma yaratish yoʻlida mamlakat rahbariyati tomonidan olib borilayotgan siyosatning tadrijiy davomi sanaladi, – deydi Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi. – Oʻzbekiston faqat mintaqaviy daraja bilan cheklanib qolmay, dunyoning ilgʻor mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish uchun imkoniyat darchalarini ochyapti. Albatta, bu Oʻzbekistonning Turkiy Kengash va boshqa birlashmalar boʻyicha hamkorlari foydasiga xizmat qiladi.

– Oʻzbekistonning Kengashga aʼzo boʻlishi, eng avvalo, ushbu tuzilmani ham mintaqaviy, ham global darajada yangi bosqichga olib chiqdi, – deydi Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er. – Oʻzbekiston ishtirokida Turkiy Kengash yanada kuchayadi. Shu sababli tashkilot mintaqaviy va global tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qoʻshish uchun har qachongidan ham koʻproq imkoniyat va mavqega erishdi. Biz Oʻzbekiston va boshqa turkiyzabon davlatlar oʻrtasidagi asriy mustahkam qardoshlik rishtalari Turkiy Kengashning jipslashtiruvchi bayrogʻi ostida yanada mustahkamlanishini kutmoqdamiz.

“OʻZLIGINGNI ANGLASANG, YUKSALASAN!”

Buyuk turk hukmdorlaridan biri Bilga Hoqon (717-734) kelgusi avlodlar uchun yozib qoldirgan mashhur bitiktoshida shunday jumlalarni bitib qoldirgan edi: “Ey turkiy elim, sen oʻzligingga qayt, oʻzingni angla, shundaygina sen yanada yuksalasan!”

Bu soʻzlar aytilganida 13 asrga yaqin vaqt oʻtganiga qaramay, bugun dunyoda yuz berayotgan turli evrilishlar, siyosiy jarayonlar barcha xalqlar qatori turkiy tilli xalqlar va mamlakat uchun ham kuchlarni birlashtirish, tarixiy oʻzaklarni anglagan holda kelajak sari qadam tashlash zaruratini oldimizga vazifa qilib qoʻymoqda.

Turkiy kengashga aʼzo davlatlarning kelajagi ham bevosita hamjihatlikni, mavjud muammolarni birgalikda hal qilishni taqozo etmoqda.

Binobarin, mamlakatimizning ushbu nufuzli kengashga aʼzo boʻlishi, yurtimizda Naxichevan Bitimining ratifikatsiya qilinishi, Oʻzbekistonning oktyabr oyida Boku shahrida boʻlib oʻtadigan yettinchi sammitida toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etishi kutilayotgani olamshumul hodisa sifatida turk dunyosi tarixi sahifalarida muhrlanib qolajak.

 

Rustam Jabborov, siyosiy sharhlovchi, OʻzA