Nukus shahrida Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha muhokamalar oʻtkazildi

2019-yilning 30-sentyabr – 6-oktyabr kunlari Nukus shahrida Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha Qoʻshma Oʻzbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida tomonlar demarkatsiyaning meʼyoriy-texnik hujjatlarini solishtirib chiqdilar va ularni Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha Qoʻshma Oʻzbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi tomonidan tasdiqlashga kiritishga kelishdilar.
Uchrashuvda, shuningdek, oʻzaro chegarada aerofotosuratga olish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida delegatsiyalar rahbarlari – Oʻzbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Toʻlqin Abdullayev va Turkmaniston Mudofaa vazirligining 5-sonli korxonasi rahbari Mamed Mammedov tegishli Bayonnoma imzoladilar.

 

O’zA