Oʻqituvchi va murabbiylar eʼzozlandi

Oʻqituvchi va murabbiylar kuni mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham keng nishonlandi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida boʻlib oʻtgan tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov yigʻilganlarni ayyom bilan qutlab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Taʼkidlanganidek, barchamizga bilim oʻrgatgan, hayot sabogʻini bergan muallimlarga chuqur hurmat koʻrsatib, ularga hamisha chin qalbdan taʼzim qilamiz. Bugungidek murakkab davrda farzandlarimizni kelajakka tayyorlab, sogʻlom va yetuk insonlar qilib voyaga yetkazish, bu oʻqituvchi va murabbiylar mashaqqatli mehnatining mahsulidir.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 49 ta maktabgacha taʼlim muassasasida 90 milliard soʻmlik,95 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida 167 milliard soʻmlik, 4 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabida, 7 ta sport obyektida 52,2 milliard soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialida 141 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining moddiy-texnik bazasi hamda infratuzilmasini mustahkamlash maqsadida mahalliy byudjetdan 150,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda oʻquvchi-yoshlar turli koʻrik-tanlovlarda, sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, Janubiy Afrika mamlakatida boʻlib oʻtgan matematika boʻyicha xalqaro olimpiadada Chimboy tumanidan D.Dilmuradovning uchinchi oʻrinni egallagani, sport kurashlari boʻyicha Qozogʻistonda oʻtkazilgan jahon chempionati bellashuvida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi J.Berdimuratov sovrinli oʻrinni egallab, kelgusi yili Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiadaga litsenziyani qoʻlga kiritganligi, dzyudo boʻyicha Gran-pri turkumiga kiruvchi Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro musobaqada Amudaryo tumanidan Sh.Boltaboyevning birinchi oʻrinni egallagani, qilichbozlik boʻyicha markaziy Osiyo konfederatsiya ochiq turnirida Nukus shahridan Z.Dayibekovaning oltin, A.Usnatdinovaning bronza medallarini qoʻlga kiritganligi barchamizni quvontirdi.

Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga muvofiq Orolboʻyidan bir guruh ustoz va murabbiylar vatanimizning faxriy unvonlari, orden va medallari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining faxriy unvonlari va “Vatan fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Tadbirda unvonlar, orden va medallar, koʻkrak nishonlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.

– Taʼlim sohasiga qaratayotgan katta eʼtibori va gʻamxoʻrligi uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz, – deydi Nukus shahridagi 46-ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktabining ingliz tili fani oʻqituvchisi, “Shuhrat“ medali sohibasi Kamila Yeshimbetova. – Davlatimiz rahbari tabrigida taʼkidlanganidek, haqiqatan ham, oʻzining koʻz nuri, qalb qoʻri, butun borligʻini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.

Tadbirda sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish etildi.

Bayram munosabati bilan Nukus shahrida, tuman markazlarida oʻqituvchi va murabbiylar uchun sayl tashkil etildi.

photo_2019-10-01_18-17-24.jpg
photo_2019-10-01_18-17-26.jpg
photo_2019-10-01_18-17-25.jpg

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA