Bolalar koʻzida quvonch izlab...

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumanidagi 1-mehribonlik uyi rahbari Svetlana Son fidoyi murabbiya. U qariyb 45 yildan buyon barkamol avlod tarbiyasi yoʻlida mehnat qilib kelmoqda. 1973-yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan yosh mutaxassis mehnat faoliyatini ushbu mehribonlik uyida tarbiyachilik qilishdan boshlagan.
-Bugungi kunda muassasamizda 126 nafar boquvchisidan ayrilgan va kam taʼminlangan oilalar farzandlari tarbiyalanmoqda. Bolalarning yaxshi tarbiyalanishi, vaqtida dam olishi, ovqatlanishi, taʼlim olishi, hunar oʻrganishi, ijod va sport bilan shugʻullanishi uchun barcha sharoit mavjud. Xususan, 140 oʻrinli yotoqxona, 100 oʻrinli oshxona, kutubxona, kompyuter xonasi, sport zali, yopiq suv havzasi, mini futbol maydonchasi ular ixtiyorida. Bundan tashqari, yosh kitobxon, kompyuter savodxonligi, sozandalik, raqs, shaxmat-shashka, kurash, futbol, basketbol, suzish kabi 20 ga yaqin toʻgaraklar tashkil qilingan, – deydi Svetlana Son.
Darhaqikat, mehribonlik uyi rahbari taʼkidlanganidek, tarbiyalanuvchilar ijodiy koʻrik-tanlov, festival va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Muassasaning bir necha iqtidorli oʻquvchisi “Yangi avlod” va “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivallarida koʻp marotaba sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. “Tong gʻunchalari” milliy folklor ansambli va “Qars” musiqiy guruhi respublika miqyosida oʻtkaziladigan bayram tadbirlarida oʻz konsert dasturlari bilan muntazam qatnashadi.
Mehribon ustoz Svetlana Sonning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholangan. 2007-yili Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, 2018-yil 2-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan. 2019-yili “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan.
6.jpg
9.jpg
10.jpg
15.jpg

 

Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA