Oʻzbekiston vakili BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasi raisi oʻrinbosari sifatida faoliyat boshladi

2019-yilning 28-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida Oʻzbekistonning doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasi Umumiy munozaralar yalpi majlisida raislik qildi. Bu haqida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasida Oʻzbekiston ilk bor sessiya raisi oʻrinbosari lavozimiga saylangan va mazkur vazifada 74-sessiya yakunlanadigan 2020-yilning sentyabr oyigacha faoliyat yuritadi.
Oʻzbekistonning BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasi raisi oʻrinbosari lavozimiga saylanishi mamlakatimizning turli sohalardagi, jumladan Bosh Assambleya tomonidan Markaziy Osiyo boʻyicha hamda maʼrifat va diniy bagʻrikenglik boʻyicha tarixiy qarorlar qabul qilinishi, BMT shafeligida Orolboʻyi uchun Koʻpsheriklikdagi Trast fond tashkil qilinishi boʻyicha saʼy-harakatlarining xalqaro miqyosda tan olinishidan darak beradi.

 

O’zA