Bu yil saylovlarda ilk bor 5 ta siyosiy partiya o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega

Toshkent viloyatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 13 ta, xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 626 ta saylov okrugi hamda 950 ta uchastka saylov komissiyasi tuziladi.
Bu haqda viloyat adliya boshqarmasida “2019 yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy masalalari” mavzuida o‘tkazilgan seminarda ma’lum qilindi.
Seminarda adliya boshqarmasi mas’ullari, huquqshunos olimlar va mutaxassislar tomonidan saylovlarni tashkil etish bo‘yicha milliy saylov qonunchiligimizda belgilangan talablar, yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni tashkil etishga ko‘maklashishda mahalliy hokimiyat organlarining vazifalari, shuningdek, saylov jarayonini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bu yil mamalakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar ilk bor O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Saylovlarda birinchi marta 5 ta siyosiy partiya nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Saylovlarda 20 milliondan ziyod saylovchi, shu jumladan, 2 milliondan ortiq yoshlar ilk bor ishtirok etishi kutilmoqda.
Yangi Saylov kodeksiga asosan endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lajak saylovlarda 135 emas, balki to‘liq 150 saylov okrugidan nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi. O‘zbekiston Ekologik partiyasiga berilgan kvota chiqarilgani partiyalararo raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Seminar ishtirokchilarining mavzuga oid savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.

 

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA