Hakamlarimiz JCH-2022 saralash oʻyinlarini boshqaradi

Ilgiz Tantashev Kamboja – Gonkong, Aziz Asimov esa Qatar – Afgʻoniston oʻyinlarida ishlaydi.
Xabaringiz bor, bugun qitʼamizning bir qator shaharlarida Jahon chempionati-2022 saralash bahslariga start beriladi.
Ektor Kuper ustozligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safarda Falastin termasiga qarshi maydonga tushadi. Saralash oʻyinlarida, shuningdek, bir qator oʻzbekistonlik hakamlar ham faoliyat olib borishadi. Jumladan, ertaga Qatar milliy terma jamoasi oʻz maydonida Afgʻoniston termasini qabul qiladi. Dohadagi “Jassim bin Hamad” stadionida oʻtadigan oʻyinni hamyurtimiz Aziz Asimov boshqarib boradi. Unga qanotlarda Ruslan Serazitdinov hamda Alisher Usmonov yordam berishadi. Zaxira hakami masʼuliyati kuvaytlik Ali Shabanga topshirilgan. Mazkur uchrashuvda nazoratchilik vazifasini iordaniyalik Ismoil Adnan Alxafi, komissarlikni esa gonkonglik Ka Chung Chan bajaradi.
Yana bir yurtdoshimiz – Ilgiz Tantashev esa Kamboja – Gonkong terma jamoalari uchrashuvida xizmat qiladi. Pnompendagi “Milliy” stadionda oʻtadigan mazkur oʻyinda Tantashevga qanotlarda Abduhamidullo Rasulov hamda Jahongir Saidov yordam beradi. Zaxira hakami sifatida tojikistonlik Nasrullo Kabirov tayinlangan. Nazoratchi Abdulloh Dor Muhammad Balideh (Qatar), komissar esa Richard Jonson (Filippin).

 

Oybek YUNUSOV, OʻzA