Kurash: Muhsin Hisomiddinov va Gulnor Sulaymonova yana jahon chempioni!

Janubiy Koreyaning Chongju shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon jang sanʼatlari festivali doirasida bugun kurash boʻyicha XII jahon chempionati bahslari oʻz poyoniga yetdi. Musobaqaning soʻnggi kunida erkaklar oʻrtasida ogʻir, ayollar orasida esa yengil vazn toifalarida gʻolib va sovrindorlar aniqlandi.
Erkaklar oʻrtasida eng ogʻir, yaʼni 100 kg.dan yuqori vazn toifasida gilamga chiqqan hamyurtimiz Muhsin Hisomiddinov musobaqa davomida barcha raqiblarini magʻlub etgan holda yana jahon chempioni, degan yuksak nomga sazovor boʻldi. Shu tariqa u uch karra jahon chempioniga aylandi. Muhsin finalda eronlik taniqli polvon Jaʼfar Pahlavonijahar ustidan gʻalaba qozondi.
Janubiy Koreyaga yoʻl olgan terma jamoamiz tarkibidan ikki nafar amaldagi jahon chempionlari oʻrin olgandi. Ulardan biri Muhsin Hisomiddinov boʻlsa, ikkinchisi ayollar oʻrtasida Osiyo va jahon chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibasi Gulnor Sulaymonova edi. Quvonarlisi, Hisomiddinovning ortidan Sulaymonova ham oʻz unvonini munosib himoya qildi. Umuman, bugungi bellashuvlarda barcha vazn toifalarida oltin medallar Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolarining koʻksini bezadi.
Bugungi bellashuvlarning barcha gʻolib va sovrindorlari:
Kurash. Jahon chempionati. Chongju (Janubiy Koreya)
Erkaklar. -100 kg.
1. Erkin Doniyorov (Oʻzbekiston)
2. Hamid Rashidi (Eron)
3. Ji Min Kim (Janubiy Koreya)
3. Xoang Duong Nguen (Vyetnam)
+100 kg.
1. Muhsin Hisomiddinov (Oʻzbekiston)
2. Jaʼfar Pahlavonijahar (Eron)
3. Kunatip Ye-On (Tailand)
3. Mbepa Gaulou Entoni (Kongo DR)
Ayollar. -48 kg.
1. Mohinur Moʻminova (Oʻzbekiston)
2. Erdenedalay Nurzedmaa (Moʻgʻuliston)
3. Chia-Ven Sou (Xitoy Taypeyi)
3. Ayshirin Haydarova (Turkmaniston)
– 52 kg.
1. Gulnor Sulaymonova (Oʻzbekiston)
2. Aynur Amanova (Turkmaniston)
3. Kyong Xa Li (Janubiy Koyeya)
3. Syu Yi Xang (Xitoy Taypeyi)
Uch kun davom etgan musobaqalar yakuniga koʻra Oʻzbekiston terma jamoasi 9ta oltin, ikkitadan kumush va bronza, jami 13ta medalga ega chiqqan holda norasmiy umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinlarni esa Xitoy Taypeyi (2-0-7) hamda mezbon Janubiy Koreya (2-0-5) polvonlari band etishdi. Umuman, musobaqa davomida jami 13ta mamlakat sportchilari u yoki bu darajadagi medallarga sazovor boʻldi.
photo5438165025169713930.jpg
photo5438216573367200829.jpg

 

OʻzA