Pul mukofoti, qimmatbaho sovgʻa va navbatdagi harbiy unvonlar

Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondonligi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi bayramini “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida katta shodiyona bilan nishonladi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtkazilgan tantanali yigʻilishda soʻzga chiqqan harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Dilshod Choriyev barchani ayyom bilan muborakbod etdi. Shuningdek, tadbir davomida soʻz olganlar tarixan qisqa davrda Oʻzbekiston jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallaganini, xalqimiz turmush darajasi, farzandlar kelajagi yoʻlida qilinayotgan salmoqli ishlarni eʼtirof etishdi.
Bayram munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar navbatdagi harbiy unvon, faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, mudofaa vazirining buyrugʻiga muvofiq, vazirlik tizimida 25 kalendar yildan kam boʻlmagan muddat davomida namunali xizmat qilgan harbiy xizmatchilar hamda pensionerlar “Namunali xizmati uchun” hamda “Mudofaa vazirligi faxriysi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda harbiy sanʼatkorlar ishtirokidagi bayramona konsert dasturi yigʻilganlarga xushkayfiyat ulashdi.

 

OʻzA