Shavkat Mirziyoyev: Mard va matonatli xalqimiz oʻzi tanlab olgan mustaqillik yoʻliga doimo sodiq boʻlib kelmoqda

“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 31-avgust kuni mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bagʻishlangan bayram tantanasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilari, koʻpmillatli xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Bundan yigirma sakkiz yil muqaddam, 1991-yil ayni shu kunda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Oʻzbekistonni mustaqil davlat deb eʼlon qilgan edi. Bu sana erkin va farovon hayot qurish yoʻlidagi barcha intilish va muvaffaqiyatlarga asos boʻldi, xalqimiz uchun eng ulugʻ, eng aziz ayyomga aylandi. Oʻtgan davrda elu yurtimiz mashaqqatli va sinovli kunlarni boshdan kechirdi, mamlakatimiz oʻzgardi, rivojlandi.

– Bugun bir haqiqatni katta gʻurur va iftixor bilan aytishga toʻla asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va ogʻir sinovlarga duch kelmasin, oʻzining mustahkam irodasini namoyon etib, oʻzi tanlab olgan mustaqillik yoʻliga doimo sodiq boʻlib kelmoqda. Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qoʻymoqda, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar asosida Oʻzbekiston milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda. Demokratik islohotlar tufayli mamlakatimiz jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallab, faol tashqi siyosat olib bormoqda.

– Biz bugun qanday islohotlarni, qanday oʻzgarishlar, qanday yangi loyihalarni amalga oshirayotgan boʻlmaylik, ularning barcha-barchasi yagona, ulugʻ bir maqsadga qaratilgan. U ham boʻlsa, mana shu mehnatkash, zahmatkash, olijanob xalqimizni rozi qilish, hayotning barcha sinovlarini matonat bilan yengib yashayotgan vatandoshlarimizning ishonchini oqlash, ogʻirini yengil qilishdan iboratdir, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari sud-huquq tizimini takomillashtirish, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga oʻtish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, sanoat va qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish borasidagi ishlarning mohiyati va natijalari haqida toʻxtaldi. Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha oʻziga xos tizim shakllangani, hududlarni obod qilish, aholining hayot sifatini oshirish, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

– Bugun bir fikrni qatʼiyat bilan taʼkidlashni zarur deb bilaman: Oʻzbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Biz mana shu yorugʻ kunlar uchun kurashib, jon fido etgan ota-bobolarimizning haqqi-hurmati, 33 millionlik xalqimizning haqqi-hurmati, bizga umid va ishonch koʻzi bilan boqib turgan bolalarimiz, nabiralarimizning haqqi-hurmati – mustaqillik va istiqlol yoʻlidan hech qachon qaytmaymiz! Oʻz maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk Oʻzbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!

Bayram tadbiri sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan davom etdi.

 

O’zA