Moʻynoqda quyosh fonarlari oʻrnatildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni” hududida Oʻzbekiston ekologik partiyasi tomonidan “Orolboʻyi – “yashil energiya” innovatsiya hududi” shiori ostida ekologik aksiya tashkil qilindi.
Mazkur aksiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari va aʼzolari, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi “Yosh ekologlar” qanoti faollari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyati partiya tashkiloti xodimlari va faollari, Moʻynoq shahri aholisi yoshlari hamda jurnalistlar ishtirok etishdi.
Ekologik aksiya boshida tadbir ishtirokchilari Moʻynoq tumanining ekoturizm markazi “Kemalar qabristoni”ni obodonlashtirish boʻyicha ekologik hashar tashkil etildi. Hudud turli chiqindilardan tozalandi, sayyohlar uchun reklama bannerlari oʻrnatildi va Moʻynoq tumanida ekoturizm infrastrukturasini rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini targʻibot qilish maqsadida begʻaraz yordam tariqasida quyosh fonarlari oʻrnatildi.
– Oʻzbekiston tarixiy-geografik joylashuviga koʻra, ayniqsa, quyosh energiyasi eng istiqbolli sanaladi, – deydi tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari B.Alixanov. – Chunonchi, 320 kun quyoshli boʻlishi, yaʼni yillik quyosh energiyasi potensiali energiyaga boʻlgan ichki ehtiyojdan bir necha marta yuqori imkoniyat yaratadi. Oʻzbekistonda quyosh energiyasining yalpi salohiyati 51 tonna neft ekvivalentidan ortiqdir. Mazkur resurslar hisobidan mamlakatimizda yilda isteʼmol qilinadigan elektr energiyasidan 40 barobar koʻp hajmdagi elektr energiyasini ishlab chiqarish mumkin.
Taʼkidlanishicha, partiya tashabbusi bilan “Uz-Korgaz” qoʻshma korxonasi homiyligida Moʻynoq tumanining Uchsoy qishlogʻidagi qishloq vrachlik punktiga umumiy quvvati 1,2 kVtlik quyosh paneli va 200 litr hajmli quyosh kollektorini oʻrnatish boʻyicha kelishuvlar olib borilmoqda.

 

Ye.QANOATOV, OʻzA