“Sharq taronalari – 2019”

“Sharq taronalari“ festivali hakamlar hayʼati aʼzosi oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi 
Samarqandda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining tanlov dasturi yakunlandi.
Mazkur tanlovda ishtirokchilar chiqishlarini baholash uchun toʻqqiz nafardan iborat xalqaro hakamlar hayʼati tasdiqlangan. Mazkur hayʼat yuqori malakali xorijlik olimlar, taniqli sanʼatkor, kompozitor va bastakorlar, xalqaro sanʼat festivallari tashkilotlari vakillaridan tarkib topgan.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori, bastakor, festival xalqaro hakamlar hayʼati aʼzosi Oydin ABDULLAYEVA OʻzA muxbiri bilan suhbatda bu yilgi festival, unda ishtirok etgan jamoalar mahorati haqida quyidagilarni soʻzlab berdi.
– Ishtirokchilarning chiqishlarini baholash jarayonida qoʻshiqlar milliyligi, sheʼrlarning ohang bilan mutanosibligi va mazmundorligi, qatnashchilar ijro mahorati, libos tanlash va sahna harakatlariga eʼtibor qaratildi. Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yoʻnalishda: professional darajadagi xalq musiqa va qoʻshiqlari hamda zamonaviy kompozitorlar tomonidan bastalangan musiqa va qoʻshiqlar ijro yoʻnalishida baholandi.
Tanlovda Oʻzbekistondan toʻrtta jamoa qatnashdi. Ularning barchasi yoshlar. Hakamlar hayʼati oʻzbekistonlik ishtirokchilarning chiqishlarini iliq kutib oldi. Oʻzbekistonda musiqaga boʻlgan qiziqish yuqori ekani, mamlakatda yoshlarning musiqaga oshno tutunishi uchun yaratilgan sharoit alohida eʼtirof etildi.
Jahon musiqasi yildan-yilga takomillashib bormoqda. Musiqada yangi ifoda va ijro vositalarining kirib kelishi, uning amaliyotda qoʻllanilishi kuzatilmoqda. Bu esa festival ishtirokchilari ijodiy chiqishlarini baholashda jiddiy yondashuvni talab qiladi. Shu bois kelgusida “Sharq taronalari“ xalqaro festivali nizomini yanada boyitish, ishtirokchilar uchun qoʻyiladigan talablarni qatʼiy belgilash zarurati tugʻilmoqda.
Bugungi kunda tanlovda ikki yoʻnalish – vokal va instrumental musiqa birgalikda ishtirok etmoqda. Ular uchun alohida nominatsiyalarni joriy etish maqsadga muvofiq boʻlardi. Bundan tashqari, joriy yilda elektron cholgʻulardan foydalangan jamoalar boʻldi. Bu masalani ham nizomda aniq koʻrsatish maqsadga muvofiq.
Samarqand butun dunyo musiqasevarlari uchun ikkinchi Vatanga aylanib ulgurdi. Soha ilmiy rivojlanishiga turtki boʻladigan katta voqelikka aylandi.
Bu esa Oʻzbekiston farzandi sifatida men uchun faxr.

 

Xurshid QODIROV, OʻzA