Davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz va mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijliklar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

31-avgust kuni Koʻksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Prezidentimiz yigʻilganlarni, ularning timsolida joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etdi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda katta oʻzgarishlar, islohotlar amalga oshirilayotgani va ularning dastlabki natijalari koʻzga tashlanayotgani taʼkidlandi.

– Xalq bilan muloqot hech qachon bunday boʻlmagan. Odamlarni eshitsak, rejamiz toʻgʻri boʻladi. Hamma hududlar va sohalardagi oʻzgarishlar – xalqimiz bilan birgalikda qilayotgan ishlarimiz samarasi, – dedi Prezident.

Oʻzbekistonning xalqchil, insonparvar siyosatini dunyo hamjamiyati eʼtirof etmoqda. Tashqi siyosat ham, ichki siyosat ham keng koʻlamli muloqot va munosabatlar asosida, uygʻun holda olib borilmoqda.

– Biz uchun bittayu bitta toʻgʻri yoʻl, yagona maqsad millatimiz, xalqimiz, jonajon Oʻzbekistonimiz manfaatini yuqori tutishdir. Buning uchun doimo yetti marta oʻlchab, bir marta kesadigan siyosat olib borishimiz kerak. Oldimizda murakkab vazifalar turibdi. Xalqimizga, sizlar kabi mard va shijoatli yurtdoshlarimizga ishonib, marrani katta oldik, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev marosimga yigʻilganlarni nomma-nom tilga olib, davlat mukofotlari bilan tabrikladi. Ularni Vatanimizning asl farzandlari, vijdoni pok, qalbi uygʻoq odamlar deb atadi. Samarali faoliyati, halol va fidoyi mehnati, yoshlarga ibrat boʻlayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi.

Prezidentimiz taqdirlangan yurtdoshlarimiz va xorijlik diplomatlarga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.

– Mana shunday mukofot olish va unga munosib boʻlish hammaga ham nasib etmaydi. Bugun sizlardagi quvonch, koʻtarinki kayfiyatdan men oʻzim uchun ham katta kuch, katta quvvat oldim. Barchangizni Mustaqillik kuni bilan yana bir bor chin qalbdan tabriklayman, – dedi Prezident.

Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

 

O’zA