Oʻzbekiston va Belarus Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Aleksandr Lukashenkoni tugʻilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta zafarlar tiladi.
Belarus Prezidenti, oʻz navbatida, iliq qutlov uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbarini va koʻp millatli Oʻzbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
Tomonlar serqirra Oʻzbekiston-Belarus munosabatlari bugungi kunda yuqori surʼatlar bilan rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roppa-rosa bir oy avval Belarus Respublikasiga amalga oshirgan ilk marotaba rasmiy tashrifining samarali natijalari ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilgani, uni aniq mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.
Davlat rahbarlari erishilgan kelishuvlar, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda imzolangan bitimlarni oʻz vaqtida amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Prezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng koʻlamli hamkorlik va ustuvor yoʻnalishlarda kooperatsiyani kengaytirish borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

 

O’zA