Sanʼat bogʻida yangi nihollar

Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Isteʼdod – ilohiy neʼmat. U hamisha eʼtiborga ehtiyoj sezadi. Mamlakatimizda isteʼdod egalarini aniqlash, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish masalalari maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda kechayotgan islohotlar jarayonida ustuvor oʻrin egallaydi. Bu jihatlar “Nihol“ mukofoti sohiblari ijodida ham oʻz ifodasini topmoqda.
29-avgust kuni poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi“ saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun taʼsis etilgan “Nihol“ mukofoti sohiblarini tantanali taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Shu munosabat bilan mazkur muhtasham saroyga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlarning vakillari, musiqa ixlosmandlari, keng jamoatchilik taklif etildi.
Tantanada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda madaniyat, sanʼat, taʼlim-tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlar yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni milliy va jahon sanʼatining eng nodir namunalaridan bahramand etishdek maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini taʼkidladi. Yoshlar uchun tashkil etilayotgan koʻplab ijodiy tanlovlar ular isteʼdodini charxlash, bezavol unib-oʻsishi, xalqqa tanilishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Eʼtiborga molik jihati, bu yilgi “Nihol“ mukofotini topshirishga bagʻishlangan tantana “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!“ degan ezgu shiorni oʻzida mujassam etgan tadbirlarning uzviy qismini tashkil etadi.
2000-yilda taʼsis etilgan “Nihol” mukofoti isteʼdodli yoshlarning jamiyatimiz maʼnaviy hayotini yuksaltirishdagi muhim oʻrnini inobatga olib, oʻzining estrada, musiqa, mumtoz qoʻshiq, raqs va opera sanʼati ijrochiligi sohasidagi mahorati bilan odamlarning yuragiga yetib boradigan, hamyurtlarimizni ezgulikka chorlaydigan, ularni maʼnaviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladigan asarlar yaratishda faollik koʻrsatayotgan ijodkorlarni muntazam ragʻbatlantirib borish maqsadida berilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respyblikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol“ mukofoti tanlovining tyman (shahar) hamda Qoraqalpogʻiston Respyblikasi, viloyatlar va Toshkent shahar saralash bosqichlarini oʻtkazish haqida“gi gi majlis bayoniga asosan Madaniyat vazirligi tomonidan mazkur tanlovning dastlabki tyman va va shahar saralash bosqichlari 2018-yilning 7-26-may kunlari koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.
Har ikki yilda bir marta oʻtkaziluvchi ushbu ijodiy loyihaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar saralash bosqichlari 2018-yilning 25-oktyabr-23-noyabr kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Tanlovning tuman (shahar) bosqichida 14 ming nafardan ziyod, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida 1036 nafar yosh ishtirok etib, ularning 206 nafari tanlovning yakuniy respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
“Nihol“ mukofotiga daʼvogarlarning ijodi estrada, musiqa, mumtoz qoʻshiq, opera ijrochiligi va raqs sanʼati kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkazilgan tanlovlar orqali saralandi. Har bir oʻringa munosib nomzodlar tanlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda oʻtkazilgan tanlovlar jarayonini imkon qadar murosasiz, yuksak saviyada oʻtkazishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Tanlovda ishtirok etgan ijrochilar isteʼdodi tomoshabinlar, keng jamoatchilik tomonidan oʻziga xos sinovdan oʻtkazilishiga katta ahamiyat qaratildi.
Nomzod isteʼdodi va ijro madaniyatining oʻziga xosligi, badiiy mahorati va saviyasi, milliy sanʼatimizning yuksak namunalaridan boxabarligi bilan alohida ajralib turishi, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, mustaqillik gʻoyalarini, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan madaniy-maʼrifiy islohotlar mohiyatini sanʼat vositasida targʻib etishga xizmat qilishiga asosiy tamoyil sifatida yondashildi. Tavsiya etilayotgan ishlarni koʻrishda nomzodning professional tayyorgarligi, badiiy ijrochilik mahorati, repertuar saviyasi (musiqa, matn), ijtimoiy faolligi, insoniy fazilatlari yetakchi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanganligi, jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligi inobatga olindi.
Shu bilan birga mumtoz qoʻshiq, musiqa ijrochiligi, estrada, opera, raqs sohasidagi ijodiy ishlarni baholashda nomzodlarning mamlakatimiz va xorijdagi koʻrik-tanlovlarda erishgan yutuqlari ham eʼtiborga olindi. Ayni paytda “Nihol“ sohiblari yuksak saviya, mukammal ijod, muxlislarga doimiy hurmat, ular eʼtibori va ehtiromiga munosiblikni oʻzi uchun mudom shior bilmogʻi dolzarblik kasb etmoqda.
…Muazzam sahnada musiqa sanʼatining rang-barang yoʻnalishlarida betakror ijro tomoshabinlarga unutilmas zavq, bir dunyo taassurotlarni ulashmoqda. Jozibali musiqiy dastur mamlakatimiz isteʼdod sohiblariga naqadar boyligini yana bir karra namoyon etmoqda.
– Yosh isteʼdodlar uchun taʼsis etilgan bunday mukofotga munosib koʻrilganimdan behad mamnunman, – dedi qashqadaryolik Ahror baxshi Xushvaqtov. – Bildirilgan bunday yuksak ishonchni samarali ijod bilan oqlashga astoydil harakat qilaman.
– Yurtimizning chekka hududlarida unib-oʻsib kelayotgan yosh isteʼdodlar ayni shu tanlov orqali aniqlanmoqda, – dedi parkentlik yosh xonanda Nodira Mansurova. – Bunday ishonch bizlarni yanada koʻproq izlanishga chorlaydi.
Tantanali tadbirda “Nihol“ mukofotining yangi sohiblariga maxsus statuetka, diplom topshirildi. Vatanimizni, mustaqilligimizni, mehnatsevar xalqimizni, samimiy insoniy tuygʻularni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar sanʼat muxlislari eʼtiboriga havola etildi.
photo5422590086479981306.jpg
photo5422590086479981307.jpg
photo5422704315430185903.jpg
photo5422704315430185904.jpg
photo5422704315430185906.jpg
photo5422704315430185907.jpg
photo5422820829302991621.jpg
photo5422820829302991622.jpg
photo5422820829302991624.jpg
photo5422704315430185908.jpg
photo5422704315430185909.jpg
photo5422820829302991627.jpg
photo5422820829302991631 (1).jpg
photo5422820829302991630.jpg

 

Nazokat USMONOVA, Farhod ABDURASULOV (surat), OʻzA