Qoraoʻzak – bilimlar makoni boʻladi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov yaqinda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumanidagi ikkita maktabda boʻlib, ulardagi yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
Maktablar taʼmirlangan va bolalarni qabul qilishga shay boʻlsa-da, ayrim kamchiliklardan holi emasligi qayd etildi. Xususan, kompyuter sinflari yoʻqligi oʻquvchilarning zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashiga toʻsqinlik qilishini inobatga olinib, maktablarni kompyuter va boshqa jihozlar bilan taʼminlash masalasi kun tartibiga qoʻyildi.
2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasining bosh maqsadi inson kapitalini rivojlantirish boʻlib, bu boradagi ishlar aynan maktabdan boshlanishi bejiz emas. Prezidentimizning maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun yetarli sharoit yaratish borasidagi saʼy-harakatlari zamirida yangi jamiyat barpo etish maqsadi turibdi. Yangi jamiyatni esa ilgʻor fikrlaydigan, ilm-fan choʻqqilarini egallagan, kashfiyotlar qilishga qodir yoshlar yaratadi. Bunday yoshlar maktablarda tarbiyalanadi.
Yurtimizning chekka hududlaridan boʻlgan Qoraoʻzak tumanidagi 13- va 25-umumtaʼlim maktablari oʻziga xos tarixga ega. Mazkur maktablar bitiruvchilari bugungi kunda turli sohalarda mehnat qilmoqda. Oʻquvchilar orasida fan olimpiadalari gʻoliblari ham bor, ularning bir nechtasi bu yil Prezident maktablarida tahsil olish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Endigi maqsad shahardan 100 kilometr uzoqda joylashgan ushbu maktablar oʻquvchilarini yanada ilmli, ziyoli boʻlishga undash, buning uchun ulardagi sharoitni shahar maktablaridan qolishmaydigan darajaga yetkazishdir.
Shu maqsadda 27-avgust kuni innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraoʻzak tumanidagi mazkur maktablarda boʻlib, vazirlik tomonidan taqdim etilgan uskuna va jihozlar – 25 ta kompyuter, innovatsion kutubxona materiallari, elektron qoʻngʻiroq, robototexnika toʻplamlari, turli boshqotirma oʻyinlari (tojmot, innovatsion xarita, kimyoviy elementlar jadvali, QR book va boshqalar)ni topshirdi.
Qoraoʻzak ovul fuqarolar yigʻinida joylashgan 13-maktabda 47 nafar oʻqituvchi 450 oʻquvchiga taʼlim beradi. Maktab direktori Erkinoy Berdiyeva oʻquv yili arafasida maktabga berilgan eʼtibor oʻquvchilarning axborot texnologiyalaridan xabardor boʻlishi va hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmak berishini taʼkidladi.
Maktabga kompyuterlarning berilishi taʼlimga axborot texnologiyalarini joriy etishda muhim omil boʻladi. Kompyuter asoslarini oʻrgangan, robototexnika kabi ilm-fan yutuqlarini oʻzida mujassam etgan istiqbolli yoʻnalishlar haqida tushunchaga ega yoshlarda oʻziga boʻlgan ishonch ortadi, yangi bilimlarni egallashga ishtiyoq paydo boʻladi.
Vazirlik tomonidan maktablarga QLF (Quantitative light fluorescence – miqdoriy nur fluorossensiyasi) texnologiyasiga asoslangan Qscan uskunasi ham sovgʻa qilindi. Bu tishlarning tozalik darajasini aniqlovchi qurilma boʻlib, u tishlarga yopishib qolgan, ammo koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan ovqat qoldiqlarini, uning tarkibidagi bakteriyalar ajratayotgan zararli moddalarni aniqlab, uni qizil rangda koʻrsatadi. Buni koʻrgan bolalarda tishlarni toʻgʻri tozalashga, tish xastaliklari va ularning asoratlari paydo boʻlmasdan avval stomatologga murojaat qilishga ragʻbat ortadi.
Endilikda Qoraoʻzakdagi maktablarda oʻquv jarayoni yanada jonlanadi. Muhimi, ushbu maktabda tahsil berayotgan ustozlar ham, oʻquvchilar ham oʻzlariga boʻlgan alohida mehr-eʼtiborni koʻrishdi. Vazirlik mutasaddilarining bu maktablardan dunyo taniydigan olimlar, kashfiyotchilar yetishib chiqishi haqidagi tilaklari ularning koʻnglini togʻdek koʻtardi.

 

OʻzA