Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Sharq taronalari” oʻn ikkinchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik soʻzi

Assalomu alaykum!

Aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Hurmatli festival qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Bugun siz, azizlar bilan goʻzal Oʻzbekiston diyorida, “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqand shahrida koʻrishib turganimdan baxtiyorman.

Barchangizni “Sharq taronalari” oʻn ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Mana, yigirma ikki yildirki, biz bu festivalni YUNESKO rahnamoligida oʻtkazib kelmoqdamiz.

Bugun ushbu tashkilotning Bosh direktori Odri Azule xonim yurtimizga shaxsan tashrif buyurib, anjumanimizga alohida fayz va koʻtarinki ruh bagʻishlagani uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, tantanamizda qatnashayotgan faxriy mehmonlarimiz:

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi raisi Sergey Lebedevga, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining madaniyat masalalari boʻyicha maslahatchisi Vladimir Tolstoyga, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aqtoʻti Raimqulovaga, Qirgʻiziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vaziri Azamat Jamanqulovga, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzodaga, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamuradovga, Bangladesh Xalq Respublikasi madaniyat vaziri Muhammad Xolidga, Butan Qirolligi madaniyat va ichki ishlar vaziri Sherub Gyeltshenga, Polsha Respublikasi madaniyat va milliy meros vaziri oʻrinbosari Pavel Levandovskiga, Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar Palatasi aʼzosi Muhammad Iltof Shayxga, Belarus Respublikasi Milliy Majlisi senatori Yekaterina Dulovaga, Yaponiyaning Nara shahri meri MotonobuNakagavaga, Koreya Respublikasi Andong shahri meri Kvon Yong Sega, Lal BahodurShastri instituti raisi, Hind – oʻzbek doʻstlik aloqalari kengashi prezidenti Anil Shastriga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi muhtaram elchilari va vakillariga, festivalimizni jahon miqyosida yoritish maqsadida yurtimizga kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga chuqur tashakkur izhor etaman.

Bugungi anjumanimizga dunyoning barcha qitʼalaridagi 75 ta davlatdan 340 nafar aziz mehmonimiz ishtirok etmoqda.

Biz ushbu taniqli madaniyat arboblari, mashhur ijodiy guruhlar va isteʼdod sohiblarini sanʼatning chinakam fidoyilari, tinchlik va ezgulik elchilari sifatida hurmat qilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Xush kelibsiz, goʻzal Oʻzbekistonimizga,

Xush kelibsiz, muazzam Samarqand shahriga!

Hurmatli festival ishtirokchilari!

Hammamizga yaxshi maʼlum, dunyoning koʻplab qitʼa va mintaqalarida turli sanʼat va musiqa anjumanlari oʻtkazib kelinadi.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ular orasida oʻzining alohida oʻrni, shuhrati va maqomi bilan ajralib turadi.

Ushbu festival sababli bugungi kunda afsonaviy Samarqandning uzoq oʻtmishini aks ettiradigan munavvar koshonalari, muattar havosi bilan birga, bu muqaddas zamindan taralayotgan dilbar va maftunkor taronalar ham dunyo ahlini oʻziga chorlamoqda.

Oʻtgan salkam chorak asr davomida Samarqandning moviy gumbazlari, yulduzli osmoni ostida qanchadan-qancha sehrli navolar, hayotbaxsh ohanglar yangradi.

Festival oʻnlab mashhur xonanda va sozandalar, noyob yosh isteʼdodlarni kashf qildi, ularning parvoziga qanot, kuch va ilhom bagʻishladi.

Eng muhimi, ushbu anjuman turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar oʻrtasida oʻziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylandi.

Biz bu festivalning zamirida ulugʻ oʻzbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiy bobomizning, olam ahli, hamisha bir-biringizga doʻst boʻling, Yer yuzini oʻz mehnatingiz, isteʼdodingiz bilan obod qiling, degan mazmundagi oʻlmas daʼvati mujassam ekanini koʻramiz.

Ayni paytda buyuk fransuz adibi Viktor Gyugoning “Ezgulik va hamjihatlik – inson maʼnaviy olamining quyoshidir” degan hikmatli soʻzlari mana shunday yuksak gʻoyalar bilan uygʻun va hamohangdir.

Bu fikrlar bundan necha yuz yillar avval aytilgan boʻlsa-da, bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmasdan, bizning qalblarimizda, yuraklarimizda aks sado bermoqda.

Mana shu yuksak sahnaga – koʻrkam va muhtasham Registon maydoniga qadam qoʻygan har bir sanʼatkor, millati, tili va dinidan qatʼiy nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bogʻlaydi.

Buning uchun sizlarga chin yurakdan har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

Imkoniyatdan foydalanib, bir masalaga munosabatimni bildirib oʻtmoqchiman.

Barchangiz guvohsiz, shu kunlarda generativ musiqa, sunʼiy intellekt haqidagi bahslar qizgʻin tus olmoqda. Kelajak musiqasini endi faqat texnika yaratadi, degan bashoratlar ilgari surilmoqda.

Lekin hammamiz yaxshi bilamizki, har qanday mukammal texnika vositasi ham tirik inson nafasini, uning yurak nolalarini, jonli ovoz jozibasini, chinakam sanʼat oʻrnini hech qachon bosolmaydi.

Haqiqiy sanʼatni, sof va boqiy musiqani faqat Parvardigori olamning marhamati bilan hazrati Inson yaratadi.

Sayyoramizda turli kelishmovchilik va qarama-qarshiliklar, urush va nizolar avj olgan tahlikali zamonda, odamzot tobora oʻz dunyosiga oʻralib borayotgan bir sharoitda musiqa insonga insonligini eslatib, uning qalbida kelajakka umid va ishonch uygʻotadi.

Musiqa sanʼati madaniy fenomen sifatida yangi avlodni tarbiyalash va kamolga yetkazish borasida cheksiz imkoniyatlarga egadir.

Sanʼat bilan oshno boʻlgan yoshlarning hayotga munosabati, milliy urf-odat va umumbashariy qadriyatlarga hurmati baland boʻladi.

Va men ishonaman, ular dunyoni maʼnaviy tanazzuldan qutqarishga qodir boʻlgan, oʻzaro ahillik va birdamlikni ulugʻlovchi avlod boʻlib maydonga chiqadi.

Shu maʼnoda, musiqa – hech narsa bilan oʻlchab, solishtirib boʻlmaydigan beqiyos ilohiy taʼsir kuchiga ega desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Muhtaram mehmonlar!

Bugun biz mamlakatimizda milliy taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻymoqdamiz.

Hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan jadal oʻzgarish va yangilanishlar madaniyat va sanʼat sohasida ham izchil davom ettirilmoqda.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida orttirgan tajribamizga tayangan holda, biz birinchi marta Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumanini, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazdik.

Sentyabr oyida Qoʻqon shahrida Xalq amaliy sanʼati xalqaro festivalini oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrmoqdamiz.

Ushbu anjumanlar YUNESKO, AYSESKO, Xalqaro folklor sanʼati tashkiloti singari nufuzli tuzilmalar, sizlar kabi sanʼat jonkuyarlari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun barchangizga rahmat aytmoqchiman.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yuzlab musiqa va sanʼat maktablari, akademik litseylar, oliy oʻquv yurtlari, koʻplab teatrlar, tasviriy sanʼat va konsert zallari faoliyat olib bormoqda.

Oʻylaymanki, sizlar ana shu ijod maskanlariga ham tashrif buyurib, yoshlarimiz uchun mahorat darslari boʻlib xizmat qiladigan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazasiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman.

Agar sizlarda yurtimizdagi konservatoriya yoki oʻquv yurtlarida yoshlarga saboq berish niyati tugʻilsa, sizlarni shaxsan oʻzim qoʻllab-quvvatlayman.

Muhtaram festival qatnashchilari!

Sanʼatni, kuy-qoʻshiqni sevadigan, ijod ahlini munosib qadrlaydigan el-yurtimiz ushbu anjumanni quvonch bilan kutib olmoqda.

Tubdan yangilanayotgan Oʻzbekiston bilan yaqindan tanishuv, mehnatkash va bagʻrikeng xalqimiz bilan uchrashuv va muloqotlar Sizlarda, albatta, oʻchmas taassurot qoldiradi, deb ishonaman.

Festival doirasida boʻlib oʻtadigan “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga ham omadlar tilayman.

Bu ajoyib nafosat bayramini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida fidokorona mehnat qilgan barcha insonlarga, mehmondoʻst va olijanob Samarqand ahliga anjuman ishtirokchilari va butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik izhor etaman.

Qadrli doʻstlar!

Aziz mehmonlar!

Musiqa sanʼatiga sadoqatingiz, uni asrab-avaylash va rivojlantirish yoʻlidagi mehnatumahoratingiz, ulkan hissangiz uchun barchangizga yana bir bor cheksiz ehtiromimni bildiraman.

Yangi ijodiy yutuqlar, millionlab muxlislarning olqishi va mehr-muhabbati sizlarga hamisha yor boʻlsin!

Jahonda tinchlik, xalqlar oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik rishtalari barqaror boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

OʻzА