Soxta eksport “operatsiyasi”

Ma’lumki bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlariga keng qulayliklar yaratish, eksportni har tomonlama rag‘batlantirish maqsadida bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va takomillashtirish, shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, meva-sabzavotlar eksportini soddalashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 oktabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlar uchun juda ko‘plab qulayliklar yaratdi.
Mazkur qarorga asosan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish mexanizmi ancha soddalashtirildi. Shu bilan birga eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmasdan rasmiylashtirilmoqda. Albatta, bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno.
Bojxona xodimlari eksportyorlarga yaqindan ko‘maklashish maqsadida ularga tunu kun xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish, bojxona rasmiylashtiruv jarayoni uchun sarflanadigan vaqtni 3 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshirish, eksport tovari yuklangan avtotransport vositalarini chegara bojxona postlaridan navbatsiz harakatlanishini ta’minlamoqdalar.
Ta’kidlash joizki, eksport jarayonida bojxona organlariga taqdim etilgan hujjatlarda mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi, shuningdek tovarlarni bojxona chegarasidan qonuniy olib o‘tish uchun eksport qiluvchi javobgar ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Shunga qaramasdan ba’zi bir uddaburon tadbirkorlar yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish o‘rniga noqonuniy va aldov yo‘llar bilan bojxona xodimlarini chalg‘itib, tovarlarni boshqa nom bilan deklaratsiyalab, ularning narxini sun’iy oshirib, eksport qilishga urinmoqdalar.
Ana shunday tadbirkorlardan biri joriy yil 24 avgust kuni yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida joylashgan “Gʻulomjon-Bogʻlari” fermer xo‘jaligining ishonchli vakili fuqaro X.S. tomonidan vazni 21 tonnani tashkil etuvchi 720 ta qoplarga joylangan umumiy qiymati 315 ming AQSh dollarlik quritilgan qalampir urug‘lari tovarini “Eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasini Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat postiga taqdim qiladi.
Mazkur bojxona yuk deklaratsiyasi bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlanganligi sababli “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tovarni to‘liq bojxona ko‘rigidan o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilgan holda post xodimlari va xolislar ishtirokida avtotransport vositasiga ortilgan tovar bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi. Natijada bojxona ko‘rigi davomida bojxona yuk deklaratsiyasi va yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan tovardan bor yo‘g‘i 134 ta qopda jami 2,65 tonna mavjudligi, hujjatlarda ko‘rsatilganidan 586 ta qop, 18,35 tonnaga kamligi ma’lum bo‘ldi.
Buning o‘rniga esa avtotransport vositasida hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagan 443 ta qopga joylangan, vazni 9,53 tonnani tashkil etuvchi quritilib maydalangan olma mahsulotlari borligi aniqlandi.
Bojxona ko‘rigi natijasiga asoslanib, fermer xo‘jalik ishonchli vakili X.S.ga nisbatan bojxona qoidabuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirilib, hujjatlarda ko‘rsatilmagan tovarlar vaqtincha saqlov olib qo‘yildi.
Xo‘sh, yuqoridagi qonunbuzarlik holatini sodir etgan “uddaburon” o‘zining qing‘ir xatti-harakatlari bilan nimaga erishdi?
Endilikda mazkur tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan eksport va import operatsiyalari “Xavfni boshqarish” tizimi tomonidan avtomatik ravishda yuqori xavf darajasiga mansubligi belgilanib, “qizil” yo‘lakka yo‘naltiriladi.
Bu esa ushbu tadbirkorning halol tadbirkorlar uchun ko‘zda tutilgan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan muayyan muddatga foydalana olmasligini anglatadi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA