Tebinbuloq konini oʻzlashtirish mamlakatimizni dunyodagi yirik metall ishlab chiqaruvchilardan biriga aylantiradi

Munosabat 
Oʻzbekiston boy togʻ-kon sanoatiga, qulay infratuzilmaga ega. Koʻplab konlar ochiq holda oʻzlashtirilishi mumkin. Foydali komponentlarni yuqori sifatda chiqarib olish imkonini beradigan mineral xomashyolarni qayta ishlash texnologiyalari mavjud.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston koʻplab turdagi foydali qazilmalarga boyligi sababli hududda sanoatning mutlaqo yangi tarmoqlari paydo boʻlmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida maʼlum qilinganidek, Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksi qurilishi ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ruda konlarining prognoz koʻrsatkichlari 4,3 milliard tonnagacha boʻlgan rudani tashkil etadi.
Tebinbuloq konining ishga tushirilishi ruda boʻyicha ichki isteʼmolni toʻla qoplabgina qolmay, ushbu metallni eksport qilish ham mumkin boʻladi. Tebinbuloq konida metall tarkibi 16-18 foizni tashkil etadi. Biroq uning R1+R2 toifasi boʻyicha zaxiralari 3500,0 million tonnadan 4300,0 million tonnagacha deb baholanmoqda. Bu mazkur metallni koʻp hajmda ishlab chiqarish imkonini beradi.
Mutaxassislar fikri Tebinbuloq koni negizida keng turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqaradigan korxonani tashkil etish boʻyicha kelgusi ishlanmalarning istiqbolli ekanini anglatadi.
Oʻzbekiston hududidagi yirik temir rudasi obyekti boʻlgan Tebinbuloq konining qulay iqtisodiy sharoiti (konning ochiq oʻzlashtirilishi, temir yoʻl, maagistral gaz, suv quvurlari, elektr uzatish liniyalarining yaqinligi, inson resurslarining mavjudligi) hisobga olinganda, unga Qoraqalpogʻistonda temir va qurilish materiallarini ishlab chiqarish xomashyo bazasi, deb qarash mumkin.
Bu yerda rudani boyitish va metall konsentratini ishlab chiqarish boʻyicha korxona tashkil etishdan tashqari “Oʻzmetkombinat” singari quvvatli metallurgiya kombinatini barpo etish ham mumkin. Negaki, hisob-kitoblar bunday korxonalar daromadli boʻlishini koʻrsatmoqda.
Demak, Tebinbuloq konidagi boy zaxirani hisobga olgan holda bu yerda yana qoʻshimcha fabrikalarni qurish maqsadga muvofiq.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Tebinbuloq konini oʻzlashtirish ham ushbu hududni, ham mamlakatimizni dunyodagi yirik metall ishlab chiqaruvchilardan biriga aylantiradi.
 
Nagmet Aimbetov,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining
Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi, akademik

 

OʻzA