Innovatsion rivojlanish vaziri Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov joriy yilning 21 avgust kuni Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, muassasaning faoliyati, u yerda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar hamda mavjud shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Vazir Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy salohiyatini kuchaytirish masalasi muassasa tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan eng muhim vazifa ekanini ta’kidlab, buning uchun institut kadrlari bugungi kun talablariga javob berishi kerakligini, ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash lozimligini qayd etdi.
photo5400313624418954079.jpg
Ta’kidlanganidek, ushbu vazifalarni amalga oshirishda mazkur muassasa ilmiy xodimlarini xorijda malaka oshirishlari, institut olimlarining ilmiy-texnik loyihalarda faol ishtirok etishlari, muassasada zamonaviy ilmiy tahlil xonalarini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. I. Abdurahmonov yosh olim va mutaxassislarni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi Sho‘rlanish sharoitidagi biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA)ga hamda Belarusning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlariga ilmiy malaka oshirish uchun jo‘natish, shuningdek, mamlakatimizda sohadagi amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda Innovatsion rivojlanish vazirligi yaqindan ko‘mak berishini ta’kidladi. O‘z navbatida institut binosini ta’mirlash ishlarini qisqa fursatlarda amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish kerakligi haqida ham qayd etib o‘tdi.
photo5402186328944257617.jpg
Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti yurtimizning ko‘hna ilmiy muassasalaridan biri bo‘lib, unga 1928 yilda ilmiy tajriba stansiyasi negizida asos solingan.
Institut 1958 yili O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jalik fanlar akademiyasining qarori asosida tashkil etilgan. Keyinroq, ilmiy maskan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 10 fevraldagi PQ-2125 sonli “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qayta tashkil etilgan.
Institutda 1958 yildan buyon qishloq xo‘jalik ekinlarining yangi navlarini yaratish, agrotexnologik yangiliklarini joriy etish, almashlab ekish tadbirlarini amalga oshirish, melioratsiya sohasi va o‘simliklar zararkunandalariga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Tadqiqotlar natijasida qishloq xo‘jalik ekinlarining agrotexnikasi, o‘simlikni zararkunandalardan himoya etish, sug‘orish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq hosildorligini oshirish tizimlari yaratilmoqda.

 

O‘zA