Prezident maktabida eng iste’dodli yoshlar ta’lim oladi

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarishda, eng avvalo, salohiyatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash zarurligi, buning uchun yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar – Prezident maktablari tashkil etilishini alohida ta’kidlagan edi.

Prezidentimiz joriy yilning 20 fevralida “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat ijrosi doirasida, Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.

Ani paytda Nukus, Namangan, Xiva va Toshkent shahrida Prezident maktablari qurilishi jadal davom etmoqda.

ca9d9da3-b204-3a46-10bb-0faaed170aaa.jpg

Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog‘istonga tashrifining ikkinchi kuni Nukus shahridagi Prezident maktabida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga tegishli hududda qurilayotgan ushbu ta’lim muassasasiga joriy yilning mart oyida tamal toshi qo‘yilgan. Ikki gektar hududda zamonaviy o‘quv binosi, yotoqxona, oshxona, stadion qurilmoqda.

f62453e7-6cd2-ab7f-990b-0f6fc79fcbf1.jpg

Prezident maktablarini tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizning har bir hududida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratishdir. Eng qobiliyatli o‘quvchilar tanlab olinadigan bu maktabda yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.

Shu bilan birga, maktablarga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etiladi. Ularning faoliyati uchun kerakli shart-sharoitlar yaratiladi.

Mazkur maktablarga qabul Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yurtimiz ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon natijalariga ko‘ra amalga oshirilmoqda. Har bir maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa har bir Prezident maktabining 5-10-sinflariga jami 144 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilindi.

d32092dd-e174-8fd4-dc05-1a5e64718d57.jpg

O‘quv jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM – ta’lim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiya, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishiga ko‘ra ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Maktablar bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Prezident maktablariga qabul imtihonlari Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi tomonidan amalga oshirildi. Nukusdagi Prezident maktabiga o‘qishga 7 mingdan ortiq o‘quvchi hujjat topshirgan. Shulardan eng iqtidorli 144 o‘quvchi o‘qishga qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib, Prezident maktablari yurtimizda ta’lim sifatini oshiruvchi lokomotiv bo‘lishini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoev maktabning binosi ham, ma’rifati ham mukammal bo‘lishi kerakligini, shuning uchun uni shoshmasdan, sifatli qurib, Konstitutsiya bayramida foydalanishga topshirish zarurligini ta’kidladi. Ungacha o‘quvchilar boshqa binoda o‘qib turadi.

Davlatimiz rahbari mazkur bilim dargohi uchun pedagoglar qanday tanlanayotgani bilan qiziqdi.

– Bu maktablarning o‘qituvchisi ham, o‘quvchisi ham eng namunali bo‘lishi lozim, dedi Prezident. – Chuqur bilim bilan birga ma’naviyat, vatanparvarlik hissi ham singdirilishi zarur. Bu yerga bilimli bolalar kelishi uchun har bir tumanda bazaviy bog‘cha va maktablar shakllanishi lozim. Shunda umumiy bilim, saviya, ta’lim muhiti o‘zgaradi.

Shu yerda Prezidentimizga Nukus shahri bosh tarxi, “Nukus siti” quriladigan hudud haqida ham ma’lumot berildi.

64bedf83-5f2b-1611-dff1-663fca335495.jpg
0d7ba1cb-0905-5a02-9f70-05a299539e15.jpg
2b2d072d-576b-8615-05b3-8297e037bcd5.jpg
936bb90a-0e83-1bfd-68a2-17d6c802c5cf.jpg
62287c83-4848-12c8-d84d-359f30ee344c.jpg
58943661-2145-4bc4-72b4-f8af4b0ca7db.jpg
fd59f2a1-53cb-c64e-4f8b-48d7f2d9eff0.jpg

 

Ziyodulla JONIBEKOV,O‘zA