Teleraidokompaniyada yong‘in sodir bo‘ldi

2019 yilning 21 avgust kuni soat 01 dan 54 daqiqa o‘tganda Toshkent shahar Shayxontohur tumani Alisher Navoiy ko‘chasi 69-uyda joylashgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (O‘zMTRK) hududida joylashgan oshxonada yong‘in sodir bo‘lgan. 
Bu haqda yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish bo‘linmasidan xabar qilishlaricha, voqea joyiga zudlikda 12 ta yong‘in o‘chirish avtoekipaji yo‘naltirilgan.
Birinchi bo‘linmalar chaqirilgan manzilga soat 02 dan 00 daqiqa o‘tganda yetib borgan vaqtida O‘zMTRK hududida joylashgan oshxona va yordamchi xonalari yonayotganligi aniqlangan. Yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan tezkor xarakatlar natijasida yong‘in soat 02 dan 45 daqiqa o‘tganda qurshab olinib, soat 03 dan 36 daqiqa o‘tganda to‘liq bartaraf etilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Yong‘in oqibatida oshxona va yordamchi xonalarining tomi va ichki qismi 400 kv.metr maydonda yonib zararlangan. Yong‘inning sababi oshxonaning omborxonasidagi elektr tizimida yuzaga kelgan avariya holatidan deb taxmin qilinmoqda. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

 

O‘zA