Muhim tarixiy qaror

Qutlugʻ bayram – Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi kuni – 1-sentyabrdan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 11-iyulda imzolagan “Oʻzbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga binoan mamlakatimizda yangi telekanal ish boshlaydi.
Bunda ramziy maʼno ham bor: mamlakatimiz jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallab, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda. Ushbu qarordan maqsad shuki, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini chuqur oʻrganish, mazkur yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik va oʻz xalqi bilan gʻururlanish tuygʻusini shakllantirish asosida milliy oʻzlikni mustahkamlash va vatandoshlarimiz dunyoqarashini kengaytirishdir.
Ming yillar qaʼrida ildiz olgan Oʻzbekistonning koʻhna va boy tarixi, xalqimizning jahon tamadduni rivojiga qoʻshgan gʻoyat katta ilmiy, madaniy va maʼnaviy hissasi haqida mamlakatimiz aholisini, shuningdek, chet el jamoatchiligini keng koʻlamda xabardor qilish; har bir voqeaning mazmun-mohiyatini izchil va tizimli ochib berish orqali buyuk tariximizning barcha davrlarini chuqur ilmiy tadqiqotlarning xolisona natijalari asosida koʻrsatib beruvchi axborot-tahliliy va mavzuli telekoʻrsatuvlar, tok-shou, “davra suhbatlari”ni yuqori professional va gʻoyaviy-badiiy saviyada tashkillashtirish, buyuk vatandoshlarimiz – olimlar, mutafakkirlar va aziz-avliyolar, shoir va yozuvchilar, lashkarboshilar, davlat arboblarining bebaho merosini keng koʻlamda oʻrganish va ommalashtirish maqsadida ularning hayot yoʻli va qahramonligi toʻgʻrisida, shuningdek, dunyo ahamiyatiga ega boʻlgan Oʻzbekiston eng yangi tarixini gʻoyat yorqin va unutilmas sahifalari haqida hikoya qiluvchi ilmiy-ommabop dasturlar va hujjatli filmlar turkumlarini yaratish va shu kabi yoʻnalishlar mazkur telekanalning asosiy vazifalaridir.
Nazarimizda, bu qaror nafaqat televideniye xodimlariga, balki barcha ziyolilarga, jumladan, tariximiz haqida asarlar yaratgan va yaratajak qalam ahliga ham tegishlidir. Telekoʻrsatuvning asosi ham soʻzdir. Shu holatni nazarda tutib, barcha ziyolilarimizni bu borada faol boʻlishga chorlaymiz. Axir, tariximiz xalqimizning tarjimayi holidir. Buni bilaylik, albatta.
Bu qaror buyuk tariximiz haqida keng qamrovli tarixiy hujjat. Uning keng qamrovli ekanligi shundaki, xalqimizning turli qatlamlari, yaʼni olimlar, mutafakkirlar, aziz avliyolar, davlat arboblarining bebaho merosini keng koʻlamda oʻrganish va ommalashtirish kun tartibiga qoʻyilgan. Bunday koʻrsatma ilgari boʻlmagan edi. Demak, barcha ziyolilar, jumladan, yozuvchi va jurnalistlar ushbu qaror ijrosiga oʻz hissalarini qoʻshishi lozim.
Maʼlumki, televideniyening vatani – Oʻzbekiston, Toshkent. Insoniyat oʻzi yashab turgan joydan uzoqdagi narsalar va voqealarni koʻrish istagi bilan hamisha qiziqib kelgan. Bu istak oʻzbek xalqining afsona va ertaklarida ham “Oynai jahon” shaklida oʻz ifodasini topgan. Mumtoz adabiyotimizda ham bu haqda soʻz yuritilgan. Masalan, Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida bu istakni badiiy shaklda aks ettirgan. Chin (Xitoy)lik Farhod arman qizi Shirinning jamolini koʻzguda koʻrib, oshiq boʻlib qoladi. Xalqimizning asriy orzusini 1928-yili Oʻzbekiston SSR fuqarolari – toshkentlik ixtirochilar B.P.Grabovskiy va I.F.Belyanskiylar Oʻzbekiston hukumati ajratgan mablagʻ yordamida amalga oshirib, ixtironi nihoyasiga yetkazadi: hozirgi Sayilgoh koʻchasi Mustafo Kamol Otaturk koʻchasiga tutashgan joyda koʻchaning bu betidagi tasvirni koʻchaning narigi betida koʻrsatishga erishadilar. Bu televideniyening ilk qadami edi. Istiqboli porloq bu ixtironing yaratuvchilari majburan markazga chaqirib olinadi. Bunday ishlar shoʻrolar zamonida boʻlib turgan.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan bunday chuqur xalqchil qarordan ruhlandik, xalq iborasi bilan aytganda, azbaroyi ichimiz toshib, sevindik.
Abduqahhor IBROHIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, professor.

 

OʻzA