Qoraqalpogʻistonda xorijiy investitsiyalar salmogʻi ortmoqda

Keyingi yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar salmogʻi sezilarli darajada oshmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2019-yil uchun hududiy dasturga kiritilgan 31ta loyiha asosida yil davomida 256,7mln dollar, 1-avgustgacha 118 mln dollar xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida hudud boʻyicha oʻzlashtirilgan xorijiyinvestitsiyalar miqdori 161,1 mln dollarni tashkil qilib, belgilangan reja miqdori 137 foizga ortigʻi bilan bajarilgan.
Xususan, Qoraoʻzak tumanida “Qaratau sement” zavodi qurilishiga 38 mln dollar, Beruniy tumanidagi “Beruniy gigant aziya sement” zavodi qurilishiga 50 mln dollar, Nukus shahridagi ferula oʻsimligini qayta ishlash va dorivor oʻsimliklarni oʻrganish boʻyicha laboratoriya qurilishiga 10 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar kiritilgan.
Hozirgi kunda hududga kiritilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmini yanada oshirish boʻyicha choralar koʻrilmoqda. Yaʼni, koreyalik investorlar bilan jami 401,5 mln dollarlik, xitoylik investorlar bilan jami 195 mln dollarlik hamda boshqa davlatlardan kelayotgan investorlar bilan ham hamkorlikda turli sohalardagi loyihalarni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.
2019-yilning 9 oyi yakuni bilan yuqoridagi loyihalar hisobidan 204 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 12-avgust kuni oʻtkazilgan selektor majlisida berilgan topshiriqlarga muvofiq, 2019-yil yakuni bilan hududga kiritilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmini 30 foizga oshirish, yaʼni 333,7 mln dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinishi reja qilingan.
Yil yakuniga qadar belgilangan loyihalar hisobidan 256,7 mln dollarlik xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish hamda belgilangan prognoz koʻrsatkichini bajarish maqsadida qoʻshimcha loyihalar hisobidan 77 mln dollarlik xorijiy investitsiyalarni kiritish talab qilinmoqda.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA