Moʻynoqda “Hunarmandlar alleyasi” foydalanishga topshirildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumani markazida “Hunarmandlar alleyasi” foydalanishga topshirildi.
Umumiy maydoni 1 ming 250 metr kvadratni tashkil qilgan alleyada 3 ta oʻtov va 6 ta doʻkon faoliyat koʻrsatmoqda.
Alleyaga asosan moʻynoqlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar joylashtirildi. Bu yerdagi doʻkonlarga “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi tomonidan savdo rastalari qurib berilgan.
Tumanda hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida 2019-yilning fevral oyida oʻquv kurslari tashkil etilgan edi. Oʻtgan davrda kashtachilik, quroq buyumlarini tikish, qoʻlda gilam toʻqish, yogʻoch oʻymakorligi kabi hunarlar ommalashtirildi.
– Ushbu alleyaning tashkil qilinishi sayyohlar uchun hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni xarid qilish imkonini yaratadi. Shuningdek, doʻkonlarni mahsulot bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi tomonidan 5 ta zamonaviy tikuv mashinalari hunarmand R.Jaksimuratovaga topshirildi. Bundan koʻzlangan maqsad “Ustoz-shogird” anʼanlarini davom ettirish, yoshlarga hunar oʻrgatish va bandligini taʼminlashdir, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi rahbari Dilfuza Allambergenova.
Mazkur alleya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga asosan tashkil qilingan. Qurilish ishlari 2019-yilning mart oyida boshlangan.

 

Y. QANOATOV, OʻzA