Mahalla raislari tajriba almashdi

Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi Nukus garnizonidagi “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla raislari ishtirokida ko‘rgazmali uslubiy yig‘in bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi 11 “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
O‘tgan yilning noyabr oyida Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi Nukus garnizonida mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etildi. Bugungi kunda mahallada 445 ta xonadonda 2 mingdan ortiq fuqaro, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari istiqomat qiladi. Hududda umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim muassasasi, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari faoliyat olib bormoqda.
Tadbir ishtirokchilari mahalla fuqarolar yig‘ini hududida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan o‘quv binolari, kutubxona harbiy xizmatchilar xizmatida. Yaqinda hududda tijorat bankidan olingan 8 foizlik kredit hisobiga “Mehribon” tikuv sexi ishga tushirildi. Natijada 8 nafar ayol ish bilan ta’minlandi.
Bolalarning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish, ularga chet tillarni o‘rgatish maqsadida rus va ingliz tillari to‘garaklari tashkil etildi. Hududda sport maydonchalari foydalanishga topshirildi.
– Hududda okrug qo‘mondonligi yordamida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy va bunyodkorlik ishlarining guvohi bo‘ldik, – deydi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Solijon Ahmedov. – Albatta, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi o‘zaro tajriba almashishda muhimdir.
Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Mehmonlar Nukus shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA