Deputatlar xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar

2019-yil 14-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan koʻrib chiqilgan qonun loyihalarining aksariyati ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy yoʻnalishda ekanligi bilan ajralib turadi.

Deputatlar dastlab «Kreditorlarning huquqiy jihatdan himoya qilinishi kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarining takomillashtirilishi munosabati bilan OʻzbekistonRespublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar.

Ushbu qonun loyihasi yurtimizda tadbirkorlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, mamlakatimizning iqtisodiyot borasidagi xalqaro reytingini tobora oshirish maqsadida mulkni garovga qoʻyish, lizingga yoki majburiyatni taʼminlashning boshqa shakllariga berishning amaldagi mexanizmlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Shundan kelib chiqib, amaldagi ayrim qonun hujjatlariga zarur oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif qilindi.

Deputatlar tomonidan berilgan taklif-mulohazalar hamda norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash mobaynida unga bir qancha tahririy tuzatishlar kiritildi, matndan 30 dan ortiq band chiqarib tashlandi.

Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasi ham qizgʻin kechdi.

Pul-kredit siyosati va uni qoʻllash amaliyotini tubdan takomillashtirish, narxlar barqarorligiga qaratilgan harakatlarni kuchaytirish, jumladan, amalga oshirilayotgan choralar asosida asossiz inflyatsion holatlarining oldini olishga qaratilgan mazkur loyiha joriy yilning 2-may kuni birinchi oʻqishda qabul qilingan edi. Keyingi muhokamalar davomida deputatlar tomonidan ayrim eʼtirozlar bildirildi. Shunga koʻra, loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash mobaynida deputatlar koʻtargan barcha masalalar chuqur oʻrganib chiqildi, muhokama qilindi. Xususan, Markaziy bankning tijorat banklaridagi vakili instituti toʻgʻrisidagi modda toʻliqligicha, shu bilan bogʻliq boʻlgan normalar, prudensial normativlar toʻgʻrisidagi modda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻtkazilishi munosabati bilan mazkur modda ham, u bilan bogʻliq boʻlgan qator normalar, jami 4 ta modda loyihadan chiqarib tashlandi. Bundan tashqari, ikkita yangi modda loyihaga kiritildi hamda loyiha matniga 30 dan ortiq tahririy oʻzgartirish va tuzatishlar kiritilgan tarzda qabul qilindi.

Shundan soʻng deputatlar “Maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha taʼlim berish va tarbiyalash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar. Qayd etilganidek, uzluksiz taʼlim tizimining eng muhim va hal qiluvchi boʻgʻini – bu bolaning sogʻlom va barkamol shaxs sifatida shakllantirish uchun mustahkam poydevor yaratilishiga xizmat etuvchi maktabgacha taʼlim sohasidir. Shundan kelib chiqib, yuridik shaxslarga nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish huquqini berish, oʻqituvchilarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, ular faoliyatini ragʻbatlantirish va masʼuliyatini oshirish, individual taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun sharoit yaratish, rivojlangan davlatlarning tajribasini milliy taʼlim tizimiga integratsiyalash zarurati mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishni taqozo etdi.

Qonun loyihasi bilan ilgari amalda boʻlgan bir qator qoidalarga oʻzgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlanish jarayoni alohida bosqichlarda boʻlishi belgilab berilmoqda. Maktabgacha taʼlim muassasalarining tasnifi, ular faoliyatini tashkil etish, huquq va majburiyatlari belgilab qoʻyilmoqda. Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash va rivojlantirish sohasida davlat-xususiy sektor hamkorligini amalga oshirish asoslari mustahkamlanmoqda. Xorijiy tajribani inobatga olgan holda, oilada taʼlim olish imkonini beruvchi oilaviy maktabgacha taʼlim muassasasini joriy qilish, shuningdek, bolalarning yashash yoki doimiy roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar, maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish tartibi taklif qilinmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida maktabgacha taʼlim tizimida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish imkoniyati yaratiladi, tizimni yanada takomillashtirish va maktabgacha taʼlimni xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyalashuvi uchun keng imkoniyatlar ochiladi, taʼlim sifati sezilarli darajada yaxshilanadi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala — “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokamalarga boy boʻldi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning tengligini taʼminlash va ularni kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb etish, taʼlim olish va ishga joylashish imkoniyatlarini taʼminlash loyihaning bosh maqsadi etib belgilangan. Ushbu loyiha BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablarini implementatsiya qilishni hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini muhofazalash sohasida zamonaviy uslublar, xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va erkinliklarining barcha jabhalarini qamrab oladigan ushbu loyiha bir qator vazifalarni hal etishga xizmat qiladi. Ular har sohada oʻzlarini shu jamiyatning teng huquqli aʼzosi, barcha tadbirlarning bevosita ishtirokchisi deb his qila boshlaydilar. Jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay jismoniy muhit — binolar, transport, axborot-aloqa, shuningdek, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy muhit, sogʻliqni saqlash, taʼlim xizmatlaridan foydalanishiga imkon yaratadi. Ularni kamsitishning har qanday shakliga barham beriladi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olish va ishga joylashish, ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etish, dam olish va sport bilan shugʻullanish imkoniyatini oshirishga koʻmaklashadi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlash, ular uchun erkaklar bilan teng sharoitlar yaratib berishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-iyundagi Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish, turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoyalash, ayollarning sotsial-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, xotin-qizlarning mamlakat hayotidagi oʻrni va nufuzini yanada mustahkamlash maqsadida erkaklar va ayollarning huquqlari hamda imkoniyatlari tengliginiqonun darajasida kafolatlash taklifi bildirilgan edi.

Davlatimiz rahbarining ana shu tashabbusi va gʻoyasi asosida ishlab chiqilgan hamda palata majlisi kun tartibiga kiritilgan “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan talabchanlik bilan muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta qabul qilinayotgan ushbu qonun loyihasi jamiyat hayotining barcha sohalarida erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyat yaratishni taʼminlashga qaratilgan. Shuningdek, loyihada gender tenglik, ayollarni kamsitish tushunchasi va turlari, mutasaddi organlarning vakolatlari, davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollashda, kreditlar olish va tadbirkorlik bilan shugʻullanishda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha normalar, bunday tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar oʻz aksini topgan. Loyiha bilan erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish boʻyicha komissiyasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilanmoqda.

Bahs-munozara, tortishuvlarga boy kechgan yana bir masala “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi. Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi asosida tayyorlangan ushbu loyiha ham azaldan muqaddas deb bilingan Ona zotiga, xotin-qizlarga doimo yuksak ehtirom koʻrsatib kelinishi, ayolga boʻlgan hurmat-eʼtibor – bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga hurmat-eʼtibor ifodasidir, degan qarashining amaldagi inʼikosi boʻldi. Darhaqiqat, hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.

Qator qonun hujjatlari zoʻravonlik qilish, shaxsga nisbatan jismoniy kuch ishlatish jinoiy qilmish hisoblanishiga qaramay, amaliyotda ayollarga nisbatan, ayniqsa, oilaviy-maishiy hayotda zoʻravonlik qilish hollariga yetarlicha eʼtibor berilmaydi. Shu bois ham ruhiy va iqtisodiy zoʻravonlik hamda tazyiq uchun javobgarlikni qonun yoʻli bilan tartibga solish talab etilmoqda. Bu masalalar toʻliq qamrab oladigan yagona qonun mavjud emasligi esa, davlat organlariga tizimga solingan kompleks statistika olib borish imkonini bermayapti.

Mazkur qonun loyihasi ana shu muammolarga barham berishga, xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyihada tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, tazyiq hamda zoʻravonlikni boshidan oʻtkazgan shaxslarni himoya qilish, jamiyatda ayollarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar aks ettirilgan. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari aniq koʻrsatilib, bu sohadagi vakolatli organlar belgilab berilgan.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda, turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalari va boshqa joylarda xotin-qizlarga nisbatan munosabatni yanada yaxshilash, ularga nisbatan hurmat va ehtiromni tobora mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

O’zA