Ishga joylashtirmoqchi boʻlgan firibgar qoʻlga tushdi

Nukus shahrida yashovchi Jamshid Bahromov (ismi shariflari oʻzgartirilgan) eski tanishi Ikrom Anvarovni ishga kiritib berishni vaʼda qilib, 2 ming 500 AQSH dollarni olayotganda ashyoviy dalil bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan ushlandi. 
Albatta, ichki ishlar organlariga ishga joylashishning oʻz talab va qoidalari bor.
Afsuski, baʼzilar bu borada qonuniy yoʻlni unutib, firibgarlarning tuzogʻi ilinib qolmoqda. Oliy oʻquv yurtini tamomlagan Ikrom Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yoki ichki ishlar vazirligi organlariga ishga kirishni maqsad qiladi. Uning niyatini bilgan Jamshid oson yoʻl bilan boylik orttirishni maqsad qiladi.
Tez orada ishonchiga kirib, oʻzining yuqori lavozimlarda ishlaydigan tanishlari orqali ishga kiritishni vaʼda qiladi. Lekin uning firibgarligi amalga oshmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida J.Bahromovning noqonuniy harakati fosh etildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Taxtakoʻpir tumani sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqilib, unga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA