Hamkorlik istiqbollari belgilab olindi

Xalqaro aloqalar
Joriy yilning 8–10-avgust kunlari Almati shahrida Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirlari Kengashining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov, Qozogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, politsiya general-leytenanti Ye.Turgumbayev, Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri militsiya general-polkovnigi R.Raximzoda boshchiligidagi delegatsiyalar hamda Qirgʻiziston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qozogʻiston Respublikasidagi vakili militsiya polkovnigi A.Dolosbayev ishtirok etdi.
Yigʻilishni Qozogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, politsiya general-leytenanti Ye.Turgumbayev ochib, Qozogʻiston ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati, qoʻshni mamlakatlar bilan bu boradagi hamkorlik aloqalari hamda ushbu anjumanning mohiyati va kelgusidagi rejalar haqida gapirdi. Shundan soʻng, delegatsiyalar rahbarlari jinoyatchilikka qarshi kurash va sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha majlis ishtirokchilarini tanishtirdilar.
Kun tartibidan Ichki ishlar organlarining noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligi, jinoyatchilarni qidirish boʻyicha oʻzaro aloqalar samaradorligini oshirish, chegara mintaqalarida oʻzgalarning mol-mulkini oʻgʻirlash bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni faollashtirish, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirlari Kengashi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash hamda Kengashning navbatdagi yigʻilishi oʻtkaziladigan joy va vaqtni belgilash kabi masalalar oʻrin oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasi rahbari, general-leytenant P.Bobojonov oʻz soʻzida mintaqa mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish, tezkor axborot almashishni faollashtirish kabi bir qator yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganligini qayd etdi.
photo5372891593968823494.jpg
Nisbatan qisqa vaqt ichida bir qator samarali uchrashuvlar oʻtkazilib, tegishli hujjatlar imzolandi. Bu esa, tomonlarning ichki ishlar boʻlinmalari oʻrtasida yaqin hamkorlikni amalga oshirishi uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Mazkur mamlakatlar ichki ishlar organlari xodimlarining muntazam ravishda oʻzaro tajriba almashib borayotganligi esa, chegara hududlarida xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida hamkorlikda saʼy-harakatlarni amalga oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurash va barqarorlikka daxl qiluvchi shart-sharoitlar va sabablarni birgalikda bartaraf etish borasidagi faoliyat samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bunga Oʻzbekiston va Qozogʻiston ichki ishlar organlari oʻrtasida Idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tuzilganini misol qilib keltirish mumkin. Tomonlarning Ichki ishlar vazirlari oʻrinbosarlari rahbarligidagi ushbu ishchi guruhning bir yilda ikki marotaba majlisi oʻtkaziladi. Tojikistonlik va Qirgʻizistonlik hamkasblar bilan birga ham xuddi shunday idoralararo ishchi guruhlar tashkil etilgan. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari IIB, Toshkent viloyati IIBB bilan Janubiy Qozogʻiston viloyati Ichki ishlar departamenti oʻrtasida 2018–2019-yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha qoʻshma reja imzolangan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari mazkur hamkorlik aloqalari ijobiy samara berayotganiga toʻxtalib, kelgusida ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish lozimligini taʼkidladi.
Majlis yakuniga koʻra, tomonlar Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirlari Kengashi toʻgʻrisidagi Nizomni, shuningdek tadbirning Yakuniy protokolini imzolashdi.
Kengash ishchan va doʻstona vaziyatda oʻtdi, mehmonlar samimiy hurmat va koʻrsatilgan eʼtibor uchun Qozogʻiston tomoniga minnatdorlik bildirdilar.
Tashrif davomida delegatsiyalarga Almati shahar politsiyasini isloh etish tajribasi – “Xavfsiz shahar sari 21 qadam” loyihasi namoyish etildi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirliklarining maxsus vazifalarni bajaruvchi boʻlinmalari xodimlari ishtirokida hamkorlikdagi oʻquv-uslubiy yigʻinlari oʻtkazildi.
Xurshid ROʻZIYEV,
mayor
Manba: “Postda” gazetasi

 

OʻzА