Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab-internatga ulkan zamonaviy teleskop oʻrnatildi

Shu yilning avgust oyi boshida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati uchun Meade LX600 teleskopi sotib olindi.
Teleskop mutaxassis-astronomlar koʻmagida maktab binosining yuqori qismida maxsus qurilgan pavilyonga oʻrnatildi. Pavilyonning gumbazi, yaʼni yarimsfera shaklidagi tom qismi aylanadi va unda osmonni kuzatish uchun ikki tomonga ochiladigan maxsus tirqish-eshik mavjud.
Ushbu teleskop AQSHning yetakchi Meade Instruments firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Meade LX600 teleskopining koʻzgusining diametri 40 sm, fokus masofasi esa 325 sm boʻlib, 140 ming osmon jismini oʻta katta aniqlik bilan topa oladi. Teleskop GPS tizimi va Autostar II masofadan boshqaruv pulti bilan jihozlangan. Ushbu jihozlar yordamida teleskop toʻliq avtonom rejimda oʻzini-oʻzi sozlash va kuzatuvlarni dasturlash imkoniyatiga ega.
Teleskop yuqori sifatli optikaga ega boʻlgan Shmidt-Kassegren sxemasiga ega boʻlib, osmon jismlarini nazariy jihatdan 100-martadan 800-martagacha kattalashtirish imkoniyatiga ega. Uning yordamida Oy, sayyoralar va ularning yoʻldoshlari, asteroidlar va kometalar, yulduzlar va ularning toʻdalari, tumanlik va galaktikalarni kuzatish mumkin.
Umid qilamizki, ushbu teleskop yordamida Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchilari oʻzlarining Koinot haqidagi bilimlarini oshirish va tasavvurlarini kengaytirishda unumli foydalanadilar.

 

OʻzA