Sayyor qabul: Murojaat, yechim va samara

Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov tadbirkorlar bilan sayyorqabul oʻtkazdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 4 ta sektor rahbarlari, vazirliklar, tashkilotlar, korxonalar, huquqni muhofaza qilish organlari, tijorat banklari vakillari, Nukus shahri hamda Nukus tumani tadbirkorlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tashkil etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar, chet ellik investorlar murojaatlari bilan ishlash tezkorligini oshirdi. Ular bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni taʼminlashga, ogʻirini yengil qilib, muammolari joyida hal etilishiga xizmat qilmoqda.
Navbatdagi sayyor qabulda 50 ga yaqin tadbirkorning imtiyozli kredit, yer maydoni ajratish, kommunal xizmat koʻrsatish, boʻsh turgan binolarni “nol” qiymatda sotib olish, yoʻl qurilishi, zarur texnikalarni sotib olish, soliq va bojxona imtiyozlari kabi masalalar boʻyicha murojaatlari qabul qilindi. Ulardan koʻpchiligi shu yerning oʻzida hal etildi. Oʻrganish va vaqt talab etiladigan masalalar boʻyicha tegishli soha rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
– 2017-yilda Nukus shahridagi boʻsh turgan binolarning birini uch tomonlama shartnoma asosida olib, non va non mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydim, – deydi “Suyen baliq” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Shalaboyev. – Natijada 8 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlandi. Ushbu binoni sotib olish boʻyicha murojaat qilgan edim. Murojaatim eʼtiborga olinib, tegishli yordam beriladigan boʻldi.
Tadbirkorlar ishtirokidagi sayyor qabul Orolboʻyi shahar va tumanlarida davom etmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA