Samarqandda 5-avgust kuni avtotransport vositalari oynalarini qoraytirish uchun 537 million soʻm pul toʻlandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu yil 2-avgustda qabul qilingan “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror bilan avtotransport vositalari oynalari tusini oʻzgartirishning yangi tartibi belgilandi, buning uchun amalga oshiriladigan toʻlovlar sezilarli darajada kamaydi.
5-avgustdan yangi tartib asosida avtotransport vositalari oynalari tusini oʻzgartirishga ruxsatnomalar berish boshlandi.
Samarqand viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, kecha dastlabki kunda Samarqand viloyati boʻyicha 139 ta shaxsiy, 6 ta yuridik shaxsga tegishli avtomobillar oynalari tusini oʻzgartirish uchun 537 million 430 ming soʻm toʻlov amalga oshirilgan va ruxsatnomalar berilgan.
Jumladan, birinchi toifa (yengil avtotransport vositalari orqa yon oynalari tusini qoraytirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari – 2 million 230 ming soʻm miqdorida toʻlov) boʻyicha jismoniy shaxslar tomonidan 117 ta avtomashina uchun jami 260 million 910 ming soʻm, yuridik shaxslarga tegishli 4 yengil mashina uchun jami 8 million 920 ming soʻm toʻlov amalga oshirilgan.
22 nafar jismoniy va 2 nafar yuridik shaxs esa ikkinchi toifa (yengil avtotransport vositalari orqa va old yon oynalar boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari – 11 million 150 ming soʻm) boʻyicha ruxsatnoma olish uchun jami 267 million 600 ming soʻm toʻlov qilgan.
5-avgust kuni oynalarni qoraytirish uchun ruxsatnomalar faqatgina viloyat IIB YHXB rasmiylashtirish va imtihon olish boʻlimi tomonidan berilgan. Viloyatda yana uchta tumanlararo imtihon olish va rasmiylashtirish boʻlimlari faoliyat koʻrsatishini hisobga olsak, ruxsatxonalar miqdori kun sayin oshib borishi tabiiy.

 

Gʻ.HASANOV, OʻzA muxbiri