Temiryoʻlchilar sharaflandi

Poytaxtimizda temiryoʻlchilarning kasb bayramiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Temiryoʻlchilar madaniyat saroyida tashkil etilgan tadbirga soha vakillari, ilgʻor xodimlar, mehnat faxriylari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari taklif etildi.
Oʻzbekiston temir yoʻllarini modernizatsiya qilishga jiddiy eʼtibor qaratilib, tizimda izchil islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, transport vaziri O.Ramatov, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayev, “Oʻzbekiston temir yoʻllari“ davlat aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi H.Hosilov va boshqalar soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari“ AJ axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda mamlakatimizda temir yoʻllarning umumiy uzunligi qariyb 7000 kilometrdan ziyodni tashkil etadi. Oʻtgan vaqt mobaynida qariyb 4,5 ming kilometr temir yoʻl qayta taʼmirlandi, 2100 kilometr yangi poʻlat izlar yotqizildi, 2680 kilometr temir yoʻl toʻliq elektrlashtirildi. 2018-yilda jami 94,8 million tonna yuk, shuningdek, 22,6 million yoʻlovchi tashildi. 2019-yil 1-yanvar holatiga koʻra, yuk tashish aylanmasi 22,9 milliard kilometrni, yoʻlovchi tashish aylanmasi esa 4329 kilometrni tashkil etdi.
Taʼkidlash kerak, yoʻlovchilar uchun xalqaro talablar darajasida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, koʻplab qulayliklar yaratish borasida ham tarmoqda maqtovga arzigulik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, oʻtgan yillar davomida zamon talabalari darajasidagi 18 vokzal yangidan qurib foydalanishga topshirildi. 20 vokzal esa jahon standartlariga mos kapital taʼmirlandi.
Mamlakat yagona temir yoʻl tizimini barpo etish, yoʻlovchi va yuk tashish hajmini oshirishga qaratilgan koʻplab yirik loyihalar “Navoiy – Uchquduq – Sultonuvaystogʻ – Nukus”, “Toshgʻuzor – Boysun – Qumqoʻrgʻon”, “Hayraton – Mozori Sharif”, “Angren – Pop”, “Buxoro –Miskin” yoʻnalishida hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Hozirgi kunda “AFROSIYOB” yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poyezdi orqali “Toshkent – Samarqand“, “Toshkent – Qarshi“, “Toshkent – Buxoro“ va “Toshkent – Shahrisabz“ yoʻnalishlarida qatnovlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga “Pop – Namangan – Andijon“ temir yoʻl liniyasida elektrlashtirish, “Andijon – Savay – Xonobod“ yoʻnalishida modernizatsiya ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Ohangaron va Mahtumquli koʻchalari kesishmasida shu kungacha hali yurtimizda qoʻllanilmagan 3 pogʻonali yoʻl oʻtkazgich, “Toshkent – Sharqiy aerodrom“ bazasi asosida zamonaviy fuqarolik aviatsiyasi aeroport kompleksini qurish loyihalarida ham ish qizgʻin olib borilayapti.
Aksiyadorlik jamiyati zavodlarida bir necha xil turdagi yangi yoʻlovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilayotir. Ayniqsa, “Andijon mexanika zavodi” shoʻba korxonasi, “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztemiryoʻlmashtaʼmir” unitar korxonasi, “Toshkent yoʻlovchi vagonlari qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati, “Quyuv mexanika zavodi” shoʻba korxonalari bunda faol hissa qoʻshmoqda. Yoʻlovchi poyezdlarimiz tarkibi tarmoqdagi “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy rusumdagi vagonlar bilan toʻldirib borilmoqda.
Ayni kunda ham tarmoqda bunday bunyodkorlik yaratuvchilik ishlari jadal davom etayapti. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-noyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq uzunligi 7,1 kilometr boʻlgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha bunyodkorlik ishlari qizgʻin olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 170,1 million AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur qarorga koʻra yangi liniyani 2020-yilga qadar qurib foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.
Mutaxassislarning fikricha, Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qoʻllanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Yaʼni mazkur yoʻl koʻpriksimon tarzda quriladi, poyezdlar yer ustida harakatlanadi. “Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining ikkinchi bosqichi qurilishi” loyihasining esa umumiy qiymati – 124,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Barpo etilayotgan yangi yoʻlning umumiy uzunligi 2,93 kilometrdan iborat.
Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizda yana bir yirik loyiha – Yer usti halqa metro liniyasi qurilishi amalga oshirilmoqda. Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yoʻnalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali oʻtkaziladi. Loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab Toshkent metropolitenining “Doʻstlik“ bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan qismi quriladi. 11 kilometrlik masofada 8 bekat bunyod etish moʻljallangan.
Ikkinchi bosqichda Qoʻyliq bozori bilan “Olmazor“ bekati bogʻlanadi. Soʻngra bu yerdan “Beruniy“ bekatigacha boʻlgan masofada qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Keyingi bosqichda “Beruniy“dan “Bodomzor“ bekatigacha qurilish ishlari olib borilib, soʻnggi bosqichda “Doʻstlik“ bekatiga ulanadi. Eʼtiborli tomoni shundaki, bu yerdagi bekatlarning har biri oʻziga xos meʼmoriy yechimlar asosida bunyod etiladi va bezatiladi. Yoʻlovchilar uchun ham, ishchi-xizmatchilar uchun ham xalqaro talablar darajasida shart-sharoitlar yaratiladi.
Mamlakatimizda koʻmir sanoatini rivojlantirish, koʻmir qazib oluvchi korxonalarning moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, investorlarni kengroq jalb qilish borasida davlatimiz tomonidan bir qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Xususan, 2017-yilning 8-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati va “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga oʻtkazish hamda koʻmir sanoati korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tashqi iqtisodiy aloqalarni yaxshi yoʻlga qoʻygan. Xitoy, Yaponiya, MDH va Yevropa davlatlari bilan hamkorlik olib borilmoqda. Maʼlumki mamlakatimiz temir yoʻli Osiyoni Yevropa bilan bogʻlashda muhim strategik yoʻlak hisoblanadi. Shu bois tarmoqda olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari dunyo eʼtirofida.
Alohida taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati jamoalari bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarida ham faol ishtirok etmoqda. Temiryoʻlchilar tomonidan koʻplab muhtasham uy-joylar, ijtimoiy soha obyektlari, madaniyat va dam olish maskanlari bunyod etilayapti. Poytaxtimizning yanada obod va koʻrkam boʻlishi, oʻzgacha chiroy ochishiga ham soha xodimlari oʻzlarining munosib hissasini qoʻshmoqda.
– Bu sohada 35 yildan buyon ishlayman, – dedi Qoʻqon mintaqaviy temir yoʻl uzeli statistika-hisobot boʻlimi boshligʻi Qodirbek Sultonov. – Oʻtgan davr mobaynida ushbu soha yagona tizimga aylantirilmoqda. Temir yoʻl uzelimizda yuk tashish sifatini oshirish – yuklarni oʻz vaqtida amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratilmoqda.
Sanʼat ustalari va ijodkor yoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

 

Nazokat USMONOVA, OʻzA