Kasbiy dengizini koʻrish orzusida yoʻlda ketarkanman, ob-havoning keskin yomonlashganini his etdim. Atrofga nazar solinsa, qurib yorilgan yerdan boshqa narsa koʻrinmaydi. Qizilqumni ortda qoldirar darajada qiziyotgan bu zamin Qoʻngʻirot kengliklari edi. Bu yerdagi ogʻir vaziyatdan hayratlanayotganimni koʻrgan hamrohlarimdan biri shunda menga “Jasliq” koloniyasi bekorga shu yerga qurilmaganini aytdi.
Shunda yozda jazirama, qishda izgʻirinning nishoniga aylanuvchi bu kenglikda shunchaki oʻtib ketish azobli ekanini oʻylab, bu yerda tutqunda boʻlishni tasavvur qilishning oʻzi dahshat ekanini his etdim.
Shuning uchun ham odamlar orasida “Jasliq” qamoqxonasi haqida soʻz ketganda, uni zulm lageriga qiyoslangani sir emas.
Koloniyadagi shart-sharoit va boshqa masalalar haqida bugun toʻxtalmoqchi emasmiz. Eng muhimi, mazkur Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jasliq qoʻrgʻonida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish bilan bogʻliq xushxabar tarqalgani boʻldi.
Bunga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 2-avgustdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish toʻgʻrisida”gi qarori asos boʻldi.
Eʼtirof etish kerakki, Davlatimiz rahbari mana bir necha yildirki, barcha sohada adolatni qaror toptirish, xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirilmoqda. Bu huquq-tartibot, xususan jazoni ijro etish tizimiga ham bevosita aloqador, albatta.
Oʻzbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim oʻtkazish, boshqa gʻayriinsoniy zoʻravonlikka mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligi talabini qoʻygach, ushbu yoʻnalishda qator amaliy ishlar qilindi.
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish uchun zarur tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlar yaratila boshlandi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sud-huquq sohasini isloh qilishda muhim hodisa boʻldi.
Farmon bilan jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qoʻllash man etildi. Jinoyat ishi doirasida noqonuniy yoʻl bilan olingan har qanday audio va video yozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlandi.
2018-yil 4-aprelda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllaganlik uchun masʼuliyat kuchaytirildi.
Bunday tamoyillar Jinoyat kodeksidan ham oʻrin olgan. Qiynoq va boshqa jinoyatlar toʻgʻrisidagi daʼvolarni tezda va xolisona tekshirish uchun Xalq qabulxonalari, virtual qabulxonalar bilan bir qatorda fuqarolarning shikoyatlarini oʻz vaqtida va samarali koʻrib chiqilishini kuzatib boruvchi Prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati yaratildi.
Nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham nomi eshitilganda, yomon taassurot uygʻotuvchi Jasliqdagi qamoqxonaga barham berilayotgani esa bu yoʻnalishdagi yana bir muhim qadam boʻldi.
Ichki ishlar vazirligi axborotida qayd etilganidek, jinoyat-ijroiya amaliyoti tahlili va jamoatchilik bilan bevosita muloqot natijalari jazoni ijro etish tizimida saqlash sharoitlarini yanada gumanitar koʻrinishga keltirish orqali mahkumlarning huquqlari kafolatini oshirish hamda ularning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash zarurligini koʻrsatayotgan edi.
Shu jihatdan Prezidentimizning tarixiy qarori xalqaro miqyosda eʼtirof etib kelinayotgan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalarning amaliy ijrosi boʻldi. Shu bilan birga, bu davlatimizning xalqaro jamoatchilik oldida nufuzini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Qayd etish kerakki, har qanday jamiyatda xoʻrlangan, kamsitilgan yoki kimdir tomonidan qiynoqqa solingan odamlarni uchratish mumkin. Umuminsoniy qadriyatlar esa bunday hollarni keskin qoralaydi. Nafaqat fuqarolari, balki dunyo ahlining hurmatiga loyiq boʻlishni istagan davlat esa inson huquqlarini himoyalash tizimini mana shunday kuchaytirib boradi.

 

Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA