Deputatlar davlat dasturi bajarilishi yuzasidan hukumat hisobotini eshitdi

Deputatlar davlat dasturi bajarilishi yuzasidan hukumat hisobotini eshitdi

Bugun davlat ahamiyatiga molik masalalar bevosita xalqimiz bilan muhokama qilinib, har bir masalada yurtdoshlarimizning fikrini oʻrganish kundalik hayotimiz, faoliyatimiz mezoniga aylanib ulgurdi. Davlat siyosati darajasiga aylanayotgan ushbu jarayonning muhim ahamiyati shundaki, xalqimiz oʻz vakillari, yaʼni deputatlar orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini bevosita kuzatib, nazorat qilib bormoqda. Mamlakat hayotidagi har qanday masalaga daxldorlik hissi bilan yashamoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qaror topgan yangi mexanizm – parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirish barobarida Bosh vazir va Hukumat aʼzolarining Davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Oliy Majlis palatalari oldida har chorakda hisobot berib borishi amaliyoti tobora takomillashib bormoqda. Jamiyatimiz hayotiga oid yangiliklardan xalqni xabardor qilish, pirovardida Hukumat faoliyatiga xalqning oʻzi saylab qoʻygan deputatlari vositasida baho berish amaliyoti ijtimoiy-siyosiy hayotimizda real voqelikka aylanmoqda.

2019-yil 1-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida shunday muhim tadbirlardan biri boʻlib oʻtdi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019-yil birinchi yarmida bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

Hisobotni Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov taqdim etdi.

Deputatlar taʼkidlaganidek, hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasiga hamda uning tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik soʻrovlariga berilgan javoblar ham chuqur tahlil qilingan. Galdagi hisobotning avvalgilaridan farqli yana bir jihati shundaki, bajarilgan ishlar barobarida Hukumat kelgusi yarim yillikda ado etilishi belgilangan rejalarini aniq obyektlar, raqamlar orqali maʼlum qilgan. Hisobotda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning izchil rivojlantirishni taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilingan. Ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsion muhitni yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini koʻtarish borasidagi ishlar chuqur tahlil etilgan.

Unga koʻra, 2019-yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot (YAIM) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga oʻsgan. Xususan, sanoat tarmoqlari 6,9 foiz, jami xizmatlar – 12,7 foiz, chakana savdo aylanmasi – 6,4 foiz hamda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi 2,1 foizga ortishi iqtisodiy oʻsishning asosiy omili sifatida xizmat qildi. Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,6 baravarga, qurilish ishlari hajmi esa 20,0 foizga oʻsdi.

Davlat byudjetining 2019-yil yanvar-iyun oylarida daromadlari 50,7 trillion soʻmni (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5-marta koʻp), xarajatlari esa, 55,3 trillion soʻmni tashkil etdi. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida eng yuqori ulush (54,4 foiz) ijtimoiy xarajatlarga toʻgʻri keldi. Mahalliy hokimiyat organlarining mahalliy byudjet daromadlarini shakllantirishdagi erkinligi sezilarli darajada oshirildi.

Deputatlar bugungi iqtisodiy taraqqiyotning muhim boʻgʻinlaridan hisoblangan turizm sohasini rivojlantirish yoʻnalishidagi ishlarga eʼtibor qaratar ekan, oʻtgan davrda 47 mamlakat fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilinib, vizasiz rejim tatbiq etiladigan mamlakatlar soni 65 taga yetgani, yana 77 davlat fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniga ega boʻlganiga yuqori baho berdilar. Hisobot davrida 247 yangi turoperator tashkil etilib, 1,7 ming xona sigʻimiga ega 107 mehmonxona ishga tushirilgani, sayyohlar oqimi 31 foizga oshib, 3 million kishini tashkil etgani eʼtirof qilindi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida jami 1 166 milliard soʻmlik ish hajmlari bajarildi. Mazkur mablagʻlar hisobidan 47,6 ming yakka tartibdagi uy-joy, 232 koʻp xonadonli uy-joy taʼmirlanib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 637 kilometr ichimlik suv tarmoqlari yaxshilandi. 2 128 kilometr elektr, 215 kilometr gaz tarmoqlari yangidan qurildi, rekonstruksiya qilinib, kapital taʼmirdan chiqarildi. Shuningdek, 53 ijtimoiy soha, 78 bozor infratuzilma obyekti foydalanishga topshirildi.

Tadbirkorlikka oid ijtimoiy dasturlar doirasida 5,1 trillion soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu imtiyozli kreditlarning 4,5 trillion soʻmi “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 249 mingdan ortiq oilaga ajratildi. Mazkur mablagʻlar minglab oilalarning oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi, yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining aholi va yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni tapgʻib qilish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini singdirish, xotin-qizlarning mehnat bilan bandligini taʼminlashga qaratilgan 5 ta muhim tashabbusi ijrosini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Umumtaʼlim maktablarida sport toʻgaraklari soni 38 ming 554 taga yetkazildi. Yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida bilim va koʻnikmasini oshirish maqsadida respublikaning 9 ta viloyati va Toshkent shahrida jami 12 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etildi. Maktablarning kutubxona fondi 16,3 milliontadan 18,6 millionta kitobga boyitildi. 2019-yil oxiriga qadar respublika boʻyicha 75 tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan boʻlib, 22,5 ming xotin-qizning bandligini taʼminlash koʻzda tutilmoqda.

Umuman, Hukumatning taqdim etilgan hisoboti, unda keltirilgan har bir raqam va dalil deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-iqtisodiy, sotsial vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi qizgʻin muhokamalar markazida boʻldi. Parlament vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi tomonidan koʻtarilayotgan, bevosita Davlat dasturiga daxldor bir qator masalalarga Hukumat aʼzolarining eʼtiborini qaratdi.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi. Jumladan, xalq vakillari Davlat dasturidagi jami 139 banddan 23 tasining (16,5 foizi) ijrosi toʻliq taʼminlanmaganini asosli tanqid qildilar. Xususan, qonun hujjatlarini tayyorlash va qabul qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, iqtisodiy faoliyatdagi davlat ishtirokining aniq chegaralarini belgilash, 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar bugungi kunga qadar qabul qilinmagan. Davlat dasturida nazarda tutilgan qator qonun loyihalari ustida olib borilayotgan ishlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, ularni oʻz vaqtida va puxta ishlab chiqish, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish, parlament quyi palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritish borasidagi ishlar yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Natijada “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi, “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi, “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi, Soliq kodeksining yangi tahririni tasdiqlash kabi qonun loyihalarini belgilangan muddatlarda tayyorlashda qator muammolar yuzaga kelmoqda.

Dasturning 155-bandida belgilangan davlat tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, xususan, 16 tumandagi tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik-xarajat guruhlari boʻyicha va kishi boshiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrilmayapti. Aholiga koʻrsatilayotgan onkologik tibbiy xizmat sifatini oshirish va profilaktik tadbirlar qamrovini kengaytirishga yoʻnaltirilgan Davlat dasturi doirasidagi amaliy chora-tadbirlar ham hanuzgacha yakuniga yetkazilmagan.

Ichki avtomobil yoʻllarining hozirgi holati, ularni taʼmirlash hamda saqlash ishlarining talab darajasida emasligi tanqid ostiga olindi. Davlat dasturining 178-bandiga muvofiq shahar koʻchalari hamda boshqa aholi punktlarining ichki yoʻllarini kapital va joriy taʼmirlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda Davlat dasturining 256-bandida nazarda tutilgan tashqi transport, logistika tizimini rivojlantirish, logistika markazlarini takomillashtirish, yuk oqimini boshqarishga zamonaviy usullarni va texnik vositalarni joriy etishga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti. Shuningdek, ayrim vazirliklar tomonidan paxta, gʻalla, meva-sabzavot va boshqa yoʻnalishlardagi klasterlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish, 2019-2024yillarda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash milliy dasturini ishlab chiqish, hududlarda “investitsiya xab”larini tashkil etish borasidagi ishlar yakuniga yetkazilmagan.

Deputatlar har bir band, belgilangan vazifaning tag-zamirida xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, odamlarning davlatdan rozi boʻlib yashashiga erishishdek muhim maqsadlar turgani, shu bois, ularning ijrosini kechiktirmasdan, oʻz vaqtida ado etish hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini qayd etdilar. Shu maʼnoda, taqdim etilgan hisobot materiallarida Davlat dasturida ijro muddati “yil davomida” deb belgilangan “Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash” (188-band), “Tarixiy shaxslar va milliy obrazlar aks etgan animatsion filmlar yaratish” (192-band) va boshqa bir qator bandlar ijrosi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu masalalarga ham jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini qayd etdilar.

Oʻz navbatida, Hukumat vakili bugungi kunda jamiyatimizda dolzarb boʻlib turgan, ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchiligimiz tomonidan qizgʻin muhokama qilinayotgan bir qator muhim masalalar, xususan, transport vositalarining orqa va yon oynalari tusini oʻzgartirish, kunduz kuni avtomobillarning chirogʻini yoqib yurishga doir muammolarni hal etish masalasi bir necha oy avval deputatlar tomonidan koʻtarilganini mamnuniyat bilan taʼkidlab, koʻchmas mulk va turar joylarni buzish bilan bogʻliq muammolar xususida ham toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, koʻchmas mulklarni buzish borasida Prezidentning tegishli farmoni, Vazirlar Mahkamasining qarori talablari joylarda mahalliy hokimliklar tomonidan yetarlicha bajarilmayotganini taʼkidlagan Hukumat vakili ushbu masalalar Vazirlar Mahkamasida atroflicha oʻrganilib, ijobiy hal etilgani, ayrim masalalar, jumladan, “tonirovka” masalasi bugun-erta toʻliq hal etilishi yuzasidan amaliy choralar ishlab chiqilganini maʼlum qildi. Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov bu kabi dolzarb masalalarni hal qilishda Parlament aʼzolarini yaqin hamkorlikda faoliyat koʻrsatishga chaqirdi.

Tadbirda deputatlar tomonidan joriy yilning III choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring oʻrnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligi qayd etildi. Mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi oʻrnini yaxshilash hamda milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, hududlarimizni ijtimoiy rivojlantirish natijasida aholi farovonligini yanada yaxshilash borasidagi tadbirlarning samarali amalga oshirilishi, bu borada parlament vakillari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Ayni masalalar yuzasidan deputatlarning Hukumatga taklif va tavsiyalari bildirildi.

Bir soʻz bilan aytganda, qizgʻin va amaliy, tanqidiy ruhda kechgan savol-javoblardan soʻng deputatlar Hukumat hisobotini maʼqulladilar.

Tadbir yakunida parlament quyi palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturini bajarish boʻyicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni oʻz ichiga olgan qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

O’zA

  02.08.2019, 17:25  |    180 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!