Muzokaralar natijalari bitimlarda oʻz ifodasini topdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskdagi muzokaralar yakunida Qoʻshma bayonot qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari oʻrtasida 11 ta hujjat imzolandi. Ular ishlab chiqarish va ilmiy-texnik kooperatsiyani, hududlararo va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, taʼlim, ommaviy axborot vositalari, nashriyot va poligrafiya faoliyati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalardagi almashinuvlar va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan brifingda davlat rahbarlari muzokaralar samimiy ruhda, samarali oʻtgani, oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilganini taʼkidladilar.

Belarus Prezidenti oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻzaro savdo aylanmasida oxirgi yillardagi eng yuqori koʻrsatkichga chiqqani, bu ijobiy tendensiya bu yil ham davom etayotganini taʼkidladi.

– Muzokaralarimiz amaliy, konstruktiv ruhda oʻtdi hamda Belarus va Oʻzbekiston strategik sheriklar ekanini yana bir bor tasdiqladi. Oʻzbekiston keyingi uch yilda erishayotgan muvaffaqiyatlaridan juda xursandmiz. Mamlakat rahbariyati iqtisodiyot tarmoqlarini nafaqat modernizatsiya qilyapti, balki sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda inqilobiy oʻzgarishlarni amalga oshiryapti, yangi yoʻnalishlarni hayotga tatbiq etyapti. Bu samarali hamkorligimizga umid bagʻishlaydi, – dedi Aleksandr Lukashenko.

Tomonlar bundan buyon ham xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladilar.

Tashrif arafasida Minskda oʻtgan Hududlararo forumda ikki mamlakat shahar va viloyatlari oʻrtasida 12 hujjat, shuningdek, umumiy qiymati qariyb 300 million AQSH dollari boʻlgan shartnoma va bitimlar imzolangani qayd etildi.

Shu kunlarda Belarusda oʻtgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan yorqin voqea boʻlgani taʼkidlandi.

 

O’zA