Oʻzbekistonda ishlab chiqarilishi kutilayotgan “Volkswagen” avtomobil modellari aniqlanmoqda

Oʻzbekiston va Germaniya prezidentlari muzokaralari yakunida imzolangan hujjatga muvofiq, Oʻzbekistonda “Volkswagen” kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi maʼlum boʻlgandi.

Kun.uzʻning “Oʻzavtosanoat”dagi manbasi maʼlumotiga koʻra, Volkswagen Caddy, Volkwagen Crafter, Volkswagen Tiguan hamda Skoda Octavia rusumli mashinalar Oʻzbekistonda ishlab chiqarish uchun tanlab olingan.

“22-may kuni oʻtkazilgan muzokaralar yakuni boʻyicha Volkwagen kompaniya bilan ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan avto modellar tanlab olindi. Unga muvofiq, Caddy 5 avlod rusumi (7 oʻrinli yoʻlovchi tashish uchun qulay mikroavtobus va mniven) va Crafter (5 tonnagacha yuk ortish mumkin boʻlgan furgon va 18 oʻrinli avtomobil), C klass Skoda Octavia hamda Tiguan ishlab chiqarilishi dastlabki rejaga kiritildi”, — deyiladi manba axborotida.

Volkswagen Caddy

“Oʻzavtosanoat” AJ ushbu masalada maʼlumotlarni oshkor etmaslik boʻyicha kelishuv imzolangani tufayli, rasmiy maʼlumot vaqtincha berilmasligini taʼkidladi.

“Zavod Samarqandda quriladi”

2017-yili Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripovning Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida “Oʻzavtosanoat” va Volkswagen AG konserni oʻrtasida JV MAN Auto-Uzbekistan qoʻshma korxonasida Volkswagen Amarok pikaplarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrilgandi. Loyiha 2018-2019-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgandi.

Volkwagen Crafter

JV MAN Auto-Uzbekistan Markaziy Osiyodagi MAN rusumidagi yuk va yoʻlovchi tashishga ixtisoslashgan transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. 2009-yilning avgust oyida tashkil etilgan kompaniya Samarqand viloyatida joylashgan. Ayni paytda Oʻzbekiston — Germaniya qoʻshma korxonasi hozirda 15 tonnadan 50 tonnagacha yuk koʻtarish quvvatiga ega zamonaviy MAN tijorat avtotransport vositalarini ishlab chiqarmoqda. Ammo Volkswagen bilan erishilgan kelishuv oxirgi ikki yilda qayta eslanmadi.

“Oʻzavtosanoat” Volkswagenʻga istiqbolli sherik sifatida qaragan

“Oʻzavtosanoat” boshqaruv raisi lavozimida ishlagan Umidjon Salimov Asakadagi General Motors Uzbekistan aksiyalari milliylashtirilgandan soʻng, GMʻning oʻrniga Yevropa ishlab chiqaruvchisi kelishi mumkinligini taʼkidlagandi. 2018-yil may oylarida u ehtimoliy sherik sifatida Volkswagenʻni tilga olgandi.

Oradan bir oy oʻtib, Germaniyaning Volkswagen avtomobil konserni va “Oʻzavtosanoat” Oʻzbekiston hududida birinchi qoʻshma modelni ishlab chiqarish boʻyicha liniyani ishga tushirishni deyarli muvofiqlashtirib olgani maʼlum qilindi.

Volkswagen Tiguan

“Volkswagen bilan hamkorlikni olti oy oldin boshladik. Ularda bu yerda muqobil ishlab chiqarishni tashkil etishga maʼlum bir qiziqish mavjud. Bu bizning boshqa brendlar ishlab chiqarilishi boʻyicha manfaatlarimizga mos keldi, sababi multibrending bizning ustuvor vazifalarimizdan biri”, — degandi Umidjon Salimov.

Istiqbolli yoʻnalish — bu Amarok pikapi, u muvofiqlashtirish jarayonida boʻlgan.

Prezidentning Volkswagen vakillari bilan uchrashuvlari

2019-yil yanvar oyida Germaniyaga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazgandi. Ular qatorida Volkswagen rahbariyati ham boʻlgan.

Joriy yilning may oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisining oʻzbek bozorida ish boshlashini qoʻllab-quvvatlagan.

Skoda Octavia

Shunga qaramay, zavodni qurish, kompaniya faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha rasmiy maʼlumot tarqatilmadi. Boʻlajak zavod qayerda ish boshlashi ham nomaʼlum.

Maʼlumot uchun, bosh qarorgohi Germaniyaning Volfsburg shahrida joylashgan Volkswagen AG dunyodagi yetakchi yirik avtomobilsozlik konsernlaridan biri sanaladi. Konsern dunyoga mashhur 20 brendni oʻzida birlashtirgan: Volkswagen, Audi, Seat, Skoda, Bentley, Bugatti, Lamborghini, Porsche, Ducati, Scania va MAN shular sirasidandir.

 

ЎзА