DXA ogohlantiradi: qoʻshimcha hujjatlar talab etgan davlat idoralari javobgarlikka tortiladi

Joriy yilning 1-avgustidan boshlab davlat idoralari tomonidan bir qator maʼlumotnomalar soʻralishi bekor qilinadi.

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgan dastlabki kunlaridanoq oʻz oldiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda ortiqcha qogʻozbozlikdan voz kechish, fuqarolarning tegishli hujjatlarni olishda sansalorlikni oldini olishni maqsad qilgan.

Bugungi kunda ushbu yoʻnalishda bir qator ishlar amalga oshirilgan. Masalan, aynan Agentlik tashabbusi bilan, davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan beriladigan maʼlumotnomalar soʻralishi bekor qilindi. Ushbu turdagi maʼlumotlar idoralararo aloqa orqali soʻrab olinish tartibi joriy qilindi.

Bu turdagi qulayliklarni davom ettirish maqsadida navbatdagi hujjatlar bekor qilinmoqda. Bunga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-fevraldagi PQ–4193-son “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi qarori bilan asos solingan.

Unga koʻra, 2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan

  • jismoniy shaxslardan jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchalari;
  • soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnomalar;
  • soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar;
  • toʻlangan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni talab qilish taqiqlangan.

Mazkur qaror bilan fuqarolarga ularning ijtimoiy hayotida katta qulayliklar yaratildi. Misol uchun, joriy yilning 6 oyi davomida Davlat xizmatlari markazlariga fuqaroni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish boʻyicha 312 555 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun fuqaroga kamida ikki marotaba murojaat etishi lozim edi (ariza berish va tayyor hujjatni olib ketish uchun). Bu esa, oʻz navbatida, ortiqcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qilar edi.

Endilikda ushbu hujjatlar vakolatli organlardan faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etilishi nazarda tutilmoqda. Yaʼni idoralar oʻzaro aloqa vositalari orqali ushbu maʼlumotnomalarni talab qilib oladi, fuqarolarni bu boʻyicha ovvora qilishga chek qoʻyiladi!

Ushbu hujjatlarni talab qilish, bir qarashda arzimas holat boʻlib koʻrinsa-da, ammo fuqarolar uchun ovoragarchiliklarni keltirib chiqarardi. Umuman olganda, endi 6 oyda bir millionga yaqin fuqarolarimiz vaqtlarini ortiqcha qogʻozlar ortidan yurishgamas, balki oʻzlari uchun muhim boʻlgan ishlarga bagʻishlashi mumkin.

Yuqoridagilarga asosan 2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan ushbu maʼlumotlarni talab qilish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215(5)-moddasiga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish deb eʼtirof etilib, mansabdor shaxslarni va xizmatchilarni maʼmuriy javobgarlikka tortishga asos hisoblanadi.

Agar davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida fuqarodan yuqorida aytib oʻtilgan hujjatlar talab etilsa, Davlat xizmatlari agentligining 1148 ishonch raqami yoki @davxizmataloqa_bot telegramdagi qayta aloqa botiga murojaat etish soʻraladi.

 

OʻzA