Oʻqishga kiritish uchun 1200 AQSH dollari soʻragan shaxs qoʻlga olindi

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Buyuk ipak yoʻli mahallasida yashovchi 29 yoshli fermer Sanam Akramova (ism-shariflar oʻzgartirildi)ni qoʻshni Tojikiston Respublikasidagi oliy oʻquv yurtlaridan biriga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, 1 ming 200 dollar pul soʻragan ikki shaxs ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
S.Akramovaning murojaatiga koʻra, olib borilgan tadbir chogʻida Uzun tumani Malandiyon mahallasida yashovchi 39 yoshdagi Najim Panjiyev fermer ayoldan 1 ming 200 dollarni olib, uni 64 yoshdagi Saidvafo Boboyevning uyiga olib borib berayotganida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Ayni paytda mazkur holat boʻyicha N.Panjiyev va S.Boboyevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA